Markaziy bank ma`lumotiga ko`ra, “O`zbekiston Respublikasi Markaziy bankining eski namunadagi 50 va 100 so`mlik tangalarini, shuningdek, 50, 100, 200 va 500 so`mlik banknotlarini ayirboshlash hamda muomaladan qaytarib olish tartibi to`g`risida”gi nizomga (Adliya vazirligida 2018 yil 19 mayda 3014-son bilan ro`yxatdan o`tkazilgan) asosan:
▪️1997 yilda ishlab chiqarilgan 200 so`mlik;
▪️1999 yilda ishlab chiqarilgan 500 so`mlik banknotlar 2020 yil 1 iyuldan qonuniy to`lov vositasi sifatida o`z kuchini yo`qotgan.
Ularning o`rniga 2018 yildan buyon 200 va 500 so`mlik tangalar doimiy ravishda muomalaga chiqarib borilmoqda.
2020 yil 1 iyuldan buyon ushbu nominaldagi banknotlar, shuningdek, 50 va 100 so`mlik tangalar va banknotlar faqat Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmalari Hisob-kitob kassa markazlari tomonidan qabul qilinib, muomaladagi pul belgilariga almashtirib berilmoqda.
Tahlil va murojaatlarga ko`ra, aholi qo`lida hanuz ma`lum miqdorda eski namunadagi 50, 100, 200 va 500 so`mlik tangalar va banknotlar saqlanib qolmoqda.
Markaziy bank boshqaruvining 2021 yil 9 yanvardagi yig`ilishida eski namunadagi 50, 100, 200 va 500 so`mlik banknotlar va tangalarni Markaziy bankning Hisob-kitob kassa markazlari tomonidan amaldagi pul belgilariga almashtirib berishning oxirgi muddati – 2022 yil 1 yanvar etib belgilash to`g`risida qaror qabul qilingan.
️Shu munosabat bilan, Markaziy bank barcha fuqarolarga qo`lida qolib ketgan eski namunadagi 50, 100, 200 va 500 so`mlik tangalar va banknotlarni 2022 yilning 1 yanvariga qadar Markaziy bankning joylardagi Hisob-kitob kassa markazlarida muomaladagi pul belgilariga almashtirib olishlari mumkinligini ma`lum qilyapti.