AsosiySiyosat

Janubiy Koreya Prezidenti O`zbekiston bilan Erkin savdo shartnomasini tuzishni tezlashtirishdi

'Janubiy Koreya Prezidenti O`zbekiston bilan Erkin savdo shartnomasini tuzishni tezlashtirishdi'ning rasmi

Janubiy Koreya O`zbekiston bilan Erkin savdo shartnomasini (ESSh) tuzish bo`yicha ishlarni tezlashtiradi. Bu haqda Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In o`zining koreys xalqiga yo`llagan Yangi yil murojaatida ma`lum qildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

«Biz Filippin, Kambodja va O`zbekiston bilan ESSh muzokaralarini tezlashtirish orqali Yangi Janubiy va Yangi Shimoliy siyosat bo`yicha almashinuv va hamkorlikni kengaytiramiz»,—dedi Koreya Respublikasi Prezidenti.

Eslatib o`tamiz, Janubiy Koreya hukumati tomonidan faol ilgari surilayotgan «Yangi Shimoliy siyosat» Evroosiyo qit`asi mamlakatlari, shu jumladan, O`zbekiston bilan turli jabhalardagi yaqin hamkorlik munosabatlarni rivojlantirishni nazarda tutadi.

Koreya Respublikasi hozirga qadar Evropa Ittifoqi va Evropa erkin savdo uyushmasi, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari assosiasiyasi (ASEAN) kabi tashkilotlar, shuningdek, AQSh, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Chili, Kolumbiya, Peru, Xitoy, Hindiston, Singapur, Vetnam va Turkiya kabi davlatlar bilan Erkin savdo shartnomalarini imzolagan.

O`zbekiston va Janubiy Koreya vaqt sinovidan o`tgan ishonchli hamkorlar sanaladi. Oliy darajadagi muloqotlar va mushtarak intilishlar samarasida mamlakatlarimiz o`rtasidagi aloqalar barcha yo`nalishlarda izchil rivojlanib bormoqda.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017 yil noyabr oyida Koreya Respublikasiga davlat tashrifi, Janubiy Koreya rahbari Mun Chje Inning 2019 yil aprelda O`zbekistonga davlat tashrifi o`zaro munosabatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko`tardi. Mazkur tarixiy tashriflar ko`p qirrali aloqalarni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi.

O`zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi siyosiy munosabatlari xalqaro maydonda bir-birini qo`llab-quvvatlash ruhida davom etmoqda. Tomonlarning global hamda mintaqaviy ahamiyatga ega masalalar bo`yicha yondashuvlari o`xshash yoki yaqindir.

Mamlakatlarimiz o`rtasida iqtisodiy aloqalar jadal sur`atlarda rivojlanmoqda, konstruktiv hamda o`zaro manfaatli siyosiy muloqot tobora faollashmoqda. Koreya Respublikasi yurtimizda sanoat va infratuzilmani diversifikasiyalash hamda modernizasiyalash bo`yicha ustuvor dasturlarni amalga oshirish sohasida etakchi texnologik sherik sanaladi.

Umuman olganda, O`zbekiston va Janubiy Koreyaning alohida strategik sheriklik munosabatlari teng huquqlilik hamda ko`p qirrali hamkorlik asosida uzoq istiqbolli xususiyat kasb etgan. Shu bois Koreya Respublikasi Prezidentining joriy yilda mamlakatlarimiz o`rtasidagi ESShni tuzish bo`yicha ishlarning tezlashtirishi haqidagi murojaati o`zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada taraqqiy toptirish, koreyalik ishbilarmonlarni yurtimizga keng jalb qilish hamda biznes hamkorlikni faollashtirish yo`lida yangi imkoniyatlarni ochishi shubhasiz.

Janubiy Koreya O`zbekistonning asosiy tashqi savdo hamkorlari ro`yxatida to`rtinchi o`rinni egallab turibdi. Davlat statistika qo`mitasi ma`lumotlariga ko`ra, 2019 yilda ikki mamlakat o`rtasidagi savdo hajmi 2,755 milliard dollarni, 2020 yil yanvar-noyabr oylarida – 1,908 milliard dollarni tashkil etdi.

    Boshqa yangiliklar