Prezident Shavkat Mirziyoev bugun, 15 yanvar kuni Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari, korxonalar faoliyati bilan tanishmoqda. Bu haqda Prezident axborot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari shahar markazidagi Islom Karimov ko`chasida Oliy Majlis Senati uchun hozirlanayotganyangi bino qurilish ishlari bilan tanishdi.
“Parlamentimiz faol ishlayapti. Majlislar paytida bitta qonun loyihasi soatlab muhokama qilinadi. Shuning uchun ishtirokchilarning harakatlanishi, salomatligi, yoshi bilan bog`liq har bir jihatni e`tiborga olish, shunga yarasha qulaylik yaratish zarur. Zalga quyosh nuri tushib tursa, kayfiyatga, ishga yaxshi ta`sir qiladi”, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Loyihaga ko`ra, 6 qavatli eski bino tubdan rekonstruksiya qilinib, qo`shimcha ob`ektlar qurilmoqda. Bugungi kunda muhandislik tarmoqlari montaj qilinyapti.

Yangi binoda senatorlar uchun eng zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, Oliy Majlis palatalarining qo`shma majlisini o`tkazish uchun 280 o`rinli zal tashkil etilmoqda. U milliy naqshlar bilan bezatilgan, zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan bo`ladi.

Yangi binoda delegasiyalar bilan uchrashuvlar, matbuot anjumanlari, ommaviy axborot vositalari vakillari uchun ham barcha sharoitlar yaratiladi.






