AsosiyIqtisodiyot

“O`zbekneftgaz”: “Ernst & Young” xalqaro auditorlik kompaniyasi tomonidan 2019 yil uchun tuzilgan moliyaviy hisobotga ijobiy xulosa berildi

'“O`zbekneftgaz”: “Ernst & Young” xalqaro auditorlik kompaniyasi tomonidan 2019 yil uchun tuzilgan moliyaviy hisobotga ijobiy xulosa berildi'ning rasmi

“O`zbekneftgaz” AJning Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) asosida 2019 yil uchun tuzilgan moliyaviy hisobotiga “Ernst & Young” auditorlik kompaniyasi tomonidan navbatdagi ijobiy xulosa berildi. Bu haqda “O`zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati xabar qildi. 

2019 yil 9 iyul kuni imzolangan “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta`minlash, neft-gaz tarmog`ini moliyaviy sog`lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ–4388-sonli va 2020 yil 24 fevralda PQ–4611-son bilan tasdiqlangan “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o`tish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarorlarning ijrosini ta`minlash maqsadida, “O`zbekneftgaz” AJda xalqaro auditorlik va konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda, mustaqil tashqi moliyaviy audit o`tkazilmoqda.

Jahondagi yirik to`rtta auditor-konsalting kompaniyalaridan biri hisoblanmish “Ernst & Young” auditorlik kompaniyasi, oldin ma`lum qilganimizdek, “O`zbekneftgaz” AJning 2016–2017 va 2018 yillar faoliyati bo`yicha MHXS asosida tuzilgan konsolidasiyalashgan moliyaviy hisobot (220dan ortiq tizim korxona va tashkilotlar hisoboti jamlangan) yuzasidan ijobiy auditorlik xulosalarini bergan edi.

Ma`lumotnoma: “O`zbekneftgaz” AJning 2016–2017 yillardagi hisoboti uchun 2020 yil 5 iyunda, 2018 yil hisoboti uchun 2020 yilning 24 noyabrida ijobiy auditorlik xulosalari olingan va rasmiy veb-sayt hamda uzblog.ung.uzda e`lon qilingan.

Shuning bilan bir qatorda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 oktyabrdagi PF–6096-sonli farmoni talablarini bajarish yuzasidan, “O`zbekneftegaz” AJda biznes jarayonlarni transformasiya qilish, xalqaro korporativ kredit reytingini olish hamda xorijiy investisiyalarni keng jalb qilishni jadallashtirish maqsadida, Boshqaruv Raisi Mehriddin Abdullaev tomonidan “O`zbekneftegaz” AJni transformasiya qilish va xalqaro kredit reytinigi olish hamda moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) bo`yicha hisobotlarni taqdim etish bo`yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, unga muvofiq “O`zbekneftegaz”AJ 2016–2019 yillar uchun barcha konsolidasiyalashgan moliyaviy hisobotlar xalqaro reyting agentliklariga taqdim etish boshlab yuborilgan.

Joriy yilning 31 yanvar kuni “Ernst & Young” xalqaro auditorlik kompaniyasi tomonidan “O`zbekneftgaz” AJning MHXS asosida 2019 yil uchun tuzilgan konsolidasiyalashgan moliyaviy hisobot (200dan ortiq korxona hisobotlari jamlangan) bo`yicha kutilgan ijobiy auditorlik xulosasini berdi.

Shubhasiz, mazkur auditorlik xulosasini olishda va konsolidasiyalashgan moliyaviy hisobot ko`rsatkichlarining shaffofligini ta`minlashda bir qator ekspert hisobotlari ham talab etildi.

Jumladan, jamiyatning 2019 yil 31 dekabr holatida er osti uglevodorodlar zaxirasi jahonda mashhur “DeGoleyer & MacNaughton” konsalting kompaniyasi, tizim bo`yicha asosiy vositalar va tugallanmagan qurilish ob`ektlarining haqqoniy qiymati qadrsizlanishi (iqtisodiy eskirishi) hamda “O`ztransgaz”AJning aksiyadorlik kapitalidagi ulushning haqqoniy qiymati “KPMG Tax & Advisory” baholovchi kompaniyasi hamda xodimlar oldidagi ijtimoiy majburiyatlarning aktur hisob-kitobi “Actuary Service” kompaniyasi tomonidan baholab berildi.

Konsolidasiyalashgan moliyaviy hisobotlar buyicha olingan mazkur auditorlik xulosalari asosida “O`zbekneftgaz” AJ xalqaro reyting agentliklari, moliyaviy va yuridik konsultantlar bilan hamkorlikda korporativ kredit reytingini olish, xalqaro fond birjalarida o`z evroobligasiyalarini emissiya qilish, xalqaro standartlar asosida korporativ boshqaruvni tadbiq etish va boshqa progressiv tizimlarni joriy etishni maqsad qilgan.

    Boshqa yangiliklar