2021 yil 14 yanvarda “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida” Prezident qarori qabul qilingangan edi. Kecha Jismoniy tarbiya va sport vazirligida mazkur qarorning ijrosini ta`minlashga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazildi. Unda vazirning birinchi o`rinbosari Ravshan Ermatov, vazirlikning tegishli boshqarma va bo`limlari mas`ullari, Respublika oliy sport mahorati maktablari rahbarlari hamda O`zbekiston shaxmat federasiyasi bosh kotibi Sunnatillo Bozorboev ishtirok etdi.
Ta`kidlash kerak, qarorning ijrosini ta`minlash yuzasidan 2021 yil 19 yanvarda Jismoniy tarbiya va sport vazirligining 73-sonli “O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 14 yanvardagi PQ–4954-son qarori ijrosini ta`minlash to`g`risida”gi buyrug`i qabul qilindi. Buyruq bilan shaxmatni 2025 yilgacha rivojlantirish davlat dasturini 2021 yilda amalga oshirish bo`yicha “Yo`l xaritasi” tasdiqlandi.
Unga ko`ra, Fan, sport va ta`lim muassasalarini ilmiy-metodik ta`minlash boshqarmasi, Jismoniy tarbiya va sport bo`yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta`minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi bilan birgalikda:
a) O`zbekiston shaxmat federasiyasi xodimlarini jalb qilgan holda 2021/2022 o`quv yiliga qadar 1000 ta umumiy o`rta ta`lim maktablarining 2-, 3- va 4-sinf o`quvchilarini shaxmatga o`rgatish uchun 18 soatlik o`quv rejasini ishlab chiqish va ushbu maktablarni o`quv qo`llanmalar bilan ta`minlash bo`yicha takliflarni vazirlik rahbariyati bilan kelishilgan holda Xalq ta`limi vazirligiga kiritish;
b) shaxmat bo`yicha to`lov-shartnoma asosida qisqa muddatli kurslarni joriy qilish, tegishli o`quv dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun vazirlik rahbariyatiga taqdim etish vazifalari yuklatilgan.
Hozirda mazkur yo`nalishda amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Xususan, 18 soatlik o`quv rejasini ishlab chiqish borasidagi sa`y-harakatlar o`zining yakuniy bosqichiga kirgan.
Shuningdek, “Yo`l xaritasi”ga muvofiq 2021/2022 o`quv yilidan boshlab O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Farg`ona filialida shaxmat bo`yicha ta`lim yo`nalishini ochish bo`yyicha o`rganishlar olib borilmoqda.
Mamlakatimizda shaxmatni rivojlantirish uchun umumta`lim maktablarini zarur anjomlar, ya`ni magnitli doska, shaxmat taxtasi, figuralari, soati va boshqalar bilan ta`minlash choralari ko`rilmoqda hamda ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga respublika byudjetidan 2021 yil uchun ajratilgan mablag`lar hisobidan 10 milliard so`mgacha mablag`larni yo`naltirish vazifasi yuklatilgan.
Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish boshqarmasiga:
a) jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriya mablag`lari hisobidan mahalla va tashkilotlarda shaxmat bo`yicha turli musobaqalar va turnirlarni tashkil etish;
b) Buxoro, Termiz va Xiva shaharlarida “Turizm va shaxmat haftaligi”ni tashkil etish va o`tkazish;
c) 2021 yildan boshlab:
iyun-avgust oylari davomida mahalla bolalari o`rtasida “Mahalla kubogi” shaxmat musobaqalarini tashkil etish;
may-iyul oylari davomida mahallalardagi oilalar o`rtasida “Shaxmatchi oila” turnirini o`tkazish, mahalladagi oilalarning jamoaviy tarzda ishtirok etishini ta`minlash;
ikki marotaba vazirlik, idora va tashkilotlar xodimlari o`rtasida “Shaxmat kunlari”ni o`tkazish vazifalari yuklatilgan.
Qolaversa, “Yo`l xaritasi”da 2021-yildan boshlab har yili an`anaviy tarzda:
Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro shaxmat turnirini;
O`zbekistonlik birinchi xalqaro grossmeyster Georgiy Agzamov xotirasiga bag`ishlangan xalqaro turnirni;
Shaxmat bo`yicha XVII Jahon chempioni Rustam Qosimjonov xalqaro turnirini;
Samarqand shahrida “Sohibqiron kubogi” xalqaro shaxmat turnirini;
Xiva shahrida “Al-Beruniy” xalqaro shaxmat turnirini tashkil etish va o`tkazish choralarini ko`rish belgilandi.
Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda O`zbekiston shaxmat federasiyasi mutaxassislarini jalb qilgan holda O`zbekiston shaxmat federasiyasining shaxmat bo`yicha musobaqa va turnirlarni onlayn o`tkazish platformasi (www.uzchecc.uz)ni ishlab chiqish, o`quvchilar va talabalar hamda o`qituvchilar, trenerlar va mutaxassislarning yagona elektron bazasini yaratish ishlarini amalga oshirish choralari ko`rilmoqda.
Shuningdek, yig`ilishda Prezident qarorida belgilab berilgan boshqa topshiriqlarning ijrosi ham muhokama qilindi va aniq vazifalar belgilab olindi. Xulosa qilib aytganda, “Yo`l xaritasi”da Prezident qarorida belgilab berilgan vazifalar o`z ifodasini topgan va uning amalga oshirilishi natijasida mamlakatimizda shaxmat sporti yangi darajaga ko`tarilishiga shubha yo`q.