Joriy yilning 7 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda "R/500 yozuvi bo`lgan parasetamol tabletkasini qabul qilishdan saqlaning” sarlavhasi ostida xabar joylandi. Mazkur xabarga Farg`ona viloyati Uchko`rik tumanida faoliyat yuritayotgan «ZUNNUR SERVIS FARM» MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan "Parasetamol 500 mg" dori vositasi fotosi ilova qilingan.
Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi ushbu xabar yuzasidan raddiya bildirib, quyidagilarni ma`lum qildi:
Ijtmoiy tarmoqlarda aytilgan "Fuqarolar R/500 yozuvi bo`lgan parasetamol tabletkasini qabul qilishdan saqlanishlari, ushbu hapdori yangi chiqqan oppoq va yarqiroq tusda bo`lib, shifokorlarning aytishicha, uning tarkibida "Machupo" deb ataluvchi virus mavjudligi, u dunyodagi eng xavfli viruslardan biri hisoblanishi" haqidagi ma`lumotlar xaqiqatga to`g`ri kelmaydi!
Aynan shu mazmundagi xabarlar ilk marta angolaliklar tomonidan 2015 yilda o`ylab topilgan bo`lib, keyinchalik boshqa tillarga tarjima qilinib, uydirma juda tez ommalashib ketadi. Ma`lumot uchun, xabarda aytilgan "Machupo" virusi tabletkada uzoq vaqt davomida yashay olishi ilmiy nuqtai nazardan isbotlanmagan.
Xo`sh, machupo qanday virus?
Wikipedia saytidan olingan ma`lumotga ko`ra, machupo virusi (lot. Machupo mammarenavirus, MACV) - bu Arenaviridae oilasiga mansub virus turi hisoblanadi. 1963 yilda Karl Jonson va uning hamkasblari tomonidan Janubiy Amerikalik odamlarda va Calomys callosus turidagi kemiruvchilarda aniqlangan.
Virus Boliviya gemorragik isitmasining qo`zg`atuvchisi (ingl. Bolivian hemorrhagic fever). Ushbu virus bilan kasallanish birinchi marta Boliviyada 1959 yilda qayd etilgan. Keyinchalik epidemiya Boliviyaning shimoliy qismida 1971 va 1994 yillarda kuzatilgan.
Yuqoridagi xabarga ilova qilingan fotodagi «ZUNNUR SERVIS FARM» MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan "Parasetamol 500 mg" dori vositasi tarkibida "Machupo" virusi borligi to`g`risidagi ma`lumotlarga kelsak, aytib o`tish lozimki, O`zbekiston Respublikasining 2016 yil 4 yanvarda tasdiqlangan "Dori vositalari va farmasevtika faoliyati to`g`risida”gi Qonuniga ko`ra:
Dori vositalari, tibbiy buyumlari va tibbiy texnikaning tibbiyot amaliyotida qo`llanilishiga, qoida tariqasida, ular davlat ro`yxatidan o`tkazilganidan keyin ruxsat etiladi (12-modda);
Ma`lumot uchun: «Parasetamol 500mg» dori vositasi belgilangan tartibda davlat ro`yxatidan o`tgan. (Ro`yxatdan o`tgan raqami DV/M 0293/12/19)
Farmasevtika faoliyatining dori vositalarini hamda tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish yo`nalishlari belgilangan tartibda beriladigan lisenziya asosida amalga oshiriladi (15-16-moddalar);
Ma`lumot uchun: «Parasetamol 500mg» dori vositasini ishlab chiqargan «ZUNNUR SERVIS FARM» MChJ farmasevtik faoliyat uchun lisenziya berilgan korxonalar ro`yxatida mavjud. Lisenziya raqami – 13869 (09.12.2016)
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 28 apreldagi 122-son qaroriga muvofiq, farmasevtika mahsulotlari majburiy tarzda sertifikatlashtirilishi belgilangan bo`lib, «Parasetamol 500mg» dori vositasi Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi tomonidan o`rnatilgan tartibda sertifikatlashtirish maqsadida sinovlardan o`tkazilgan va sifatini tasdiqlovchi muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi tegishli qonun xujjatlariga asosan, «Parasetamol 500mg» dori vositasi:
— Farmasevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish faoliyati uchun berilgan lisenziyaga ega korxona tomonidan ishlab chiqarilganligi;
— Belgilangan tartibda davlat ro`yxatidan o`tkazilib “Tibbiyot amaliyotida qo`llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika Davlat reestri”ga kiritilganligi;
— Akkreditasiyadan o`tgan sertifikatlashtirish organlari tomonidan tegishli laboratoriya sinovlaridan o`tkazilib, muvofiqlik sertifikatiga ega bo`lgan mahsulot ekanligini va bu dori vositasining sifati borasida yurtdoshlarimiz xavotirga tushmasliklari kerakligini bildiradi.