Avvalroq, Respublika maxsus komissiyasining yig`ilishi bo`lib o`tgani haqida yozgan edik.
Yig`ilishda Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga O`zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlashni o`tkazish algoritmi va alohida tartibini ishlab chiqish bo`yicha topshiriq berildi.
Bunda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlashni faqatgina ixtiyoriylik tamoyili asosida amalga oshirish, shuningdek, birinchi navbatda koronavirus yuqish xavfi darajasi yuqori bo`lgan quyidagi shaxslarni emlash nazarda tutiladi:
- 65 yoshdan oshgan qariyalar va keksalar;
- surunkali kasalliklari bor shaxslar;
- tibbiyot xodimlari;
- maktab va maktabgacha ta`lim tashkilotlari hamda oliy ta`lim muassasalari xodimlari;
- aholi bilan bevosita muloqotga kirishadigan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari.
Shuningdek, Respublika maxsus komissiyasi tomonidan mamlakatimizdagi epidemiologik vaziyat biroz bo`lsa-da barqarorlashganini inobatga olib, aholiga madaniy xordiq chiqarishlarini tashkillashtirish maqsadida konsert saroylarining tomoshabin o`rindiqlaridan oraliq masofani saqlagan holda (tomoshabinlarni ikkita yonma-yon o`rindiqda joylashtirib, har uchinchisini bo`sh qoldirish) tashkil etish tartibi belgilandi.