O`zbekistonning Kanadadagi elchisi (qarorgohi - Vashingtonda) Javlon Vahobov Kanadaning O`zbekistondagi elchixonasi (qarorgohi - Moskvada) migrasiya masalalari bo`yicha maslahatchisi Daniel Unrau bilan muzokaralar o`tkazdi, deya xabar bermoqda "Dunyo" AA .
Tadbir davlatimiz rahbarining 2020 yil 15 sentyabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migrasiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmonida belgilangan vazifalarning ijrosini ta`minlash doirasida tashkil etildi.
Uchrashuvda O`zbekiston fuqarolarining xorijga mehnat migrasiyasini rivojlantirishga qaratilgan sa`y-harakatlar doirasida Kanadaga kirish vizalari olishning tartib va shartlari muhokama qilindi.
Daniel Unrau O`zbekistonda tashqi mehnat migrasiyasini tartibga solish bo`yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar, xususan, yoshlarni xorijiy davlatlarning mehnat bozorlarida talab yuqori bo`lgan 20 dan ortiq kasbga o`qitish uchun "mono-markazlar" tashkil etilgani, ingliz, koreys, rus va yapon tillarini o`rgatish uchun xorijiy mutaxassislar jalb qilinayotganini yuqori baholadi.
Kanadalik diplomat O`zbekiston va uning xorijiy sheriklari o`rtasida O`zbekiston fuqarolarining Rossiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, BAA, Polsha va boshqa mamlakatlarga uyushgan mehnat migrasiyasini tashkil qilish bo`yicha erishilgan kelishuvlarni qo`llab-quvvatladi.
Kanadalik diplomatning e`tibori Markaziy Osiyoda eng ko`p yoshlar istiqomat qiladigan O`zbekistonda Kanada viza markazini ochish zarurligiga qaratildi. Vakolatxona tashkil etilishi fuqarolarimizning ikki mamlakat o`rtasida harakatlanishiga katta yordam beradi.
Daniel Unrau diplomatik vakolatxonamiz fikrini qo`llab-quvvatlab, Toshkentda Kanada diplomatik vakolatxonasi va viza markazining yo`qligi O`zbekiston fuqarolari uchun Kanada vizalarini olish jarayoniga salbiy ta`sir ko`rsatayotganini ta`kidladi.
O`zbekistonda Kanada viza markazining ochilishi va fuqarolar uchun immigrasiya hujjatlarini to`g`ri ro`yxatdan o`tkazish bo`yicha tegishli veb-seminarlarning tashkil etilishi ularga Kanada vizalarini olishni osonlashtirishi mumkin, dedi diplomat.
Daniel Unrau so`zlariga ko`ra, har bir viza arizasi Kanada Immigrasiya xizmati xodimlari tomonidan sinchkovlik bilan tekshirilishini inobatga olgan holda, O`zbekiston tomoni tashqi mehnat migrasiyasini samarali amalga oshirish uchun mehnat muhojirlariga tegishli viza hujjatlarini tayyorlashga alohida e`tibor qaratishi kerak.
Kanadada, xususan, Kvebek provinsiyasida fransuz tilida so`zlashadigan chet ellik mutaxassislarga bo`lgan talab yuqori ekani, ushbu tilni bilish tanlov jarayonida qo`shimcha ball va boshqa imtiyozlar taqdim etishini hisobga olgan holda, Daniel Unrau mehnat muhojirlariga fransuz tilini o`rgatishga alohida e`tibor berishni tavsiya qildi.
Muzokaralar natijasida pandemiya bilan bog`liq vaziyat yaxshilangandan so`ng O`zbekistonda Kanada viza markazini ochish, shuningdek, fevral oyi oxirida Kanada fuqarolik, immigrasiya va qochoqlar ishlari bo`yicha vazirligi hamda O`zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vakillarining mehnat migrasiyasi sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo`nalishlarini muhokama qilish uchun uchrashuvini tashkil qilish bo`yicha kelishuvga erishildi.






