Xalqaro Olimpiya qo`mitasi tomonidan boks bo`yicha Tokio-2020 lisenzion musobaqasini o`tkazish bo`yicha tuzilgan ishchi guruhi ushbu sport turi bo`yicha Parijda o`tishi rejalashtirilgan jahon lisenzion musobaqasi bekor qilinganini rasman tasdiqladi. Bu borada barcha Milliy olimpiya qo`mitalarga rasmiy xabar yuborilmoqda.
Xabarda butun dunyoda yangi epidemiologik vaziyatning qayta avj olayotgani, sportchilarning salomatligini himoya qilish tashkilotning asosiy maqsadi ekani sabab qilib ko`rsatilgan. Shu tariqa, iyun oyida Parijda o`tadigan jahon lisenzion musobaqasi o`tkazilmaydigan bo`ldi.
Hozirda boks bo`yicha 53 ta yo`llanma (32 erkaklar va 21 ayollar) taqsimlanmay qolgan edi. Ma`lum qilinishicha, ushbu kvotalar barcha qit`alarga bokschilarning Olimpiya vazn toifalaridagi reyting pog`onalariga qarab tarqatiladi. Bunda so`nggi 4 yil (2017-2021) orasida o`tkazilgan xalqaro musobaqalar inobatga olinadi. Bungacha o`tkazilmagan Amerika va Evropa qit`alaridagi saralash musobaqalari may-iyun oylarida bo`lib o`tadi.
Eslatib o`tamiz, boks bo`yicha O`zbekiston terma jamoasi o`tgan yil Iordaniyada o`tgan lisenzion musobaqa orqali 7 ta (6 erkak va 1 ayol) yo`llanmani qo`lga kiritgan edi.