1

Sankt-Peterburgda Alisher Navoiy haykali o`rnatlishi mumkin. Bu shahar jamoatchiligi vakillarining taklifi

Madaniyat 17.02.2021, 19:25
Sankt-Peterburgda Alisher Navoiy haykali o`rnatlishi mumkin. Bu shahar jamoatchiligi vakillarining taklifi

O`zbekistonning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasi, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi va «Uzbekistan Airways» AJning mazkur shahardagi vakolatxonalari hamkorligida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan ma`naviy-ma`rifiy tadbir va navoiyxonlik kechasi tashkil etildi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar bermoqda.

Adabiy kechada Sankt-Peterburg etakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari va kutubxonalar rahbarlari, diplomatik korpus, madaniyat markazlari va o`zbek diasporasi vakillari, ushbu shaharda tahsil olayotgan o`zbekistonlik talabalar ishtirok etdi.

Tadbir qatnashchilariga Sankt-Peterburg shahrida joylashgan Rossiya milliy kutubxonasi qo`lyozmalar bo`limida saqlanayotgan Alisher Navoiy hayotlik davrida buyuk shoirning hirotlik taniqli xattot Sulton Ali Mashhadiy tomonidan ko`chirilgan «Birinchi devoni» qo`lyozmasi va boshqa adabiyotlar to`g`risidagi videolavha hamda o`zbek tilini rivojlantirish bo`yicha amalga oshirilayotgan sa`y-harakatlar to`g`risida hujjatli film namoyish etildi. Talabalar tomonidan o`zbek va rus tillarida o`qib berilgan Alisher Navoiy qalamiga mansub g`azallar anjuman mehmonlarida katta taassurot qoldirdi.

 Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo`lyozmalari instituti direktori Irina Popova Alisher Navoiyning 580 yilligi yubileyi xalqaro ko`lamda keng nishonlanayotganini ta`kidlar ekan, qiziqarli tarixiy voqeaga e`tibor qaratdi. “Joriy yil sentyabr oyida institutimizda Leningrad qamali mavzusiga bag`ishlangan yirik xalqaro konferensiya o`tkaziladi, - dedi u. - Ushbu tadbir doirasida Alisher Navoiyning 580 yilligiga bag`ishlangan ilmiy-amaliy anjuman ham tashkil etiladi. Gap shundaki, o`sha mash`um va murakkab qamal davrida, ya`ni 1941 yil 29 dekabr kuni institutda Navoiy tavalludining 500 yilligiga bag`ishlab navoiyxonlik kechasi o`tkazilgan. Bu anjuman haqidagi ma`lumotlar, Alisher Navoiy qalamiga mansub qo`lyozmalar va adabiyotlar institut muzeyida alohida e`tibor bilan saqlanmoqda. Konferensiyada ana shu ulug` madaniy merosni keng ilmiy jamoatchilik e`tiboriga havola etish niyatidamiz”.

Leningrad «Do`stlar uyi» direktori Vladimir Mixaylenko u rahbarlik qilayotgan muassasada Leningrad viloyati va Sankt-Peterburg shahrida yagona bo`lgan interaktiv o`zbek madaniyati muzeyi tashkil etilganini ma`lum qildi. Shuningdek, u Alisher Navoiyning hayoti va ijodi to`g`risida kelajak avlodni kengroq tanishtirish maqsadida «Do`stlar uyi» hududida Navoiy haykalini o`rnatish taklifini bildirdi.

Tadbir ishtirokchilari hukmiga O`zbekiston Vazirlar Mahkamasi davlat tilini rivojlantirish departamenti ko`magida mamlakatimiz Fanlar akademiyasining bir guruh olimlari tomonidan yaratilgan besh jildli «O`zbek tilining izohli lug`ati» ham havola etildi. Shuningdek, mazkur nashrni yaratish bo`yicha olib borilgan izlanishlar, o`zbek tilining xalqaro maydonda tutgan o`rni haqida ma`lumot berildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1