Bugun, 18-fevral kuni Dushanbe shahriga amaliy tashrif bilan borgan O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon tomonidan qabul qilindi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar qildi.
Vazir O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonga yo`llagan maktubini topshirdi.
Bo`lib o`tgan suhbat chog`ida do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklikka asoslangan O`zbekiston – Tojikiston munosabatlarining dolzarb masalalari, oliy darajadagi tashriflar doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosi ko`rib chiqildi.
Markaziy Osiyodagi davlatlaro hamkorlik masalalariga alohida e`tibor qaratildi. Tovarlar eksportini kengaytirish, yangi transport koridorlarini yo`lga qo`yish va mintaqaviy bozorlarni o`zlashtirish imkoniyatlari batafsil muhokama qilindi.
Uchrashuvda oliy va yuqori darajadagi bo`lajak uchrashuvlar jadvali, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Abdulaziz Kamilov avvalroq O‘zbekiston prezidentining maktubini Qozog‘iston va Turkmaniston prezidentiga ham topshirgan edi.






