AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev: Namanganga o`ttiz yillik tarixda buncha mablag` kelmagan (foto)

Xalq deputatlari kengashining sessiyasida Namangan viloyatini har tomonlama rivojlantirish...

'Shavkat Mirziyoev: Namanganga o`ttiz yillik tarixda buncha mablag` kelmagan  (foto)'ning rasmi

Xalq deputatlari kengashining sessiyasida Namangan viloyatini har tomonlama rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari aholi bandligi va daromadini oshirish, kambag`allikni qisqartirish birinchi muhim vazifa ekanini ta`kidladi. “Mahallabay” tizimda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 850 milliard so`m kreditlar ajratishga ko`rsatma berildi.
 

Shuningdek, Tiklanish va taraqqiyot jamg`armasidan viloyatga 60 million dollar ajratilishi aytildi. Buning hisobidan Namangan shahri issiqlik tizimini qayta qurishga 15 million dollar, eski shahar infratuzilmasini yaxshilash va kanallar qirg`oqlarini obodonlashtirishga 10 million dollar, mahallalardagi drayver loyihalarni moliyalashtirishga 10 million dollar, limonchilikni rivojlantirishga 10 million dollar yo`naltiriladi. Kichik va yoshlar sanoat zonalariga, ichki va ziyorat turizmini rivojlantirishga, kreditlar foizining bir qismini qoplashga 5 million dollardan beriladi.

Namangan viloyatida 2021-2022 yillarda umumiy qiymati 23 trillion 700 milliard so`mlik investisiya loyihalari amalga oshirilishi qayd etildi. Ushbu 1 ming 728 ta loyiha orqali 66 mingdan ziyod ish o`rni yaratish rejalashtirilgan.

- Namanganga o`ttiz yillik tarixda buncha mablag` kelmagan. Agar shuni to`g`ri, samarali yo`naltirib ishlatsak, viloyatning iqtisodiyoti jadal rivojlanadi, hamma tumanlarga sanoat kirib boradi, odamlar ishli bo`ladi, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Qishloq xo`jaligini rivojlantirish, ekinlar tarkibini o`zlashtirish muhimligi ta`kidlandi. 17 ming gektar er ajratib, 200 ming nafar yosh, paxta klasterlari tomonidan har bir tumanda tikuvchilik korxonalarini ishga tushirib, 10 ming nafar ayollar bandligini ta`minlash vazifasi belgilandi.

Yangiqo`rg`on kartoshkachilik markazi, Vengriya bilan hamkorlikda kartoshkachilik yo`nalishida ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etish bo`yicha mutasaddilarga topshiriq berildi.

Ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish masalalariga ham alohida e`tibor qaratildi. Bu yil viloyatda 160 kilometr ichimlik suvi va 11 kilometr oqova tarmoqlari qurish uchun byudjetdan 59 milliard so`m hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg`armasidan qo`shimcha 100 milliard so`m ajratilishi ma`lum qilindi. Buning natijasida yana 167 ming nafar aholi toza ichimlik suv bilan ta`minlanadi.

Prezident yoshlar bilan alohida suhbatlashdi. Ular aytgan takliflarni, biznes-rejalarini qo`llab-quvvatlab, mutasaddilarga tegishli ko`rsatmalar berdi.

- Yoshlarning ko`zida ertangi kunga ishonch ko`rsam, ochig`i, hamma charchoqlarim chiqib ketadi! Mana shunday bilimli, jonkuyar, izlanuvchan yoshlar hamma sohalarda o`zgarish qiladi. Biz ularga keng yo`l ochib, har tomonlama yordam berishimiz kerak, - dedi davlatimiz rahbari.

Boshqa yangiliklar