Kecha, 25-fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatimizda diplomatik missiyasini yakunlayotgan Turkiya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Mehmet Sureyya Erni qabul qildi. Bu haqda vazirlikning Axborot xizmati ma`lum qildi.
Uchrashuvda O`zbekiston-Turkiya kun tartibining dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Oliy darajadagi aloqalar, jumladan 2020-yilda Anqara shahrida ikki mamlakat davlat rahbarlari raisligida bo`lib o`tgan O`zbekiston–Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yig`ilishi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi.
Shuningdek, turli darajalarda bo`lib o`tadigan ikki tomonlama tadbirlar jadvali va kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.
Vazir Elchining O`zbekistondagi faoliyati samarali bo`lganini qayd etdi va unga davlatlararo munosabatlarni mustahkamlashga qo`shgan ulkan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Mehmet Sureyya Er, o`z navbatida, Turkiya Elchisi sifatida faoliyatida davomida ko`rsatilgan yordam va qo`llab-quvvatlash uchun minnatdorchilik bildirdi.
Avvalroq, Turkiya elchisiga O`zbekistonning ikki universiteti tomonidan faxriy professor unvoni berilgan edi.






