2021 yilning 27 fevral kuni soat 19:15 larda noma`lum shaxs “Spark” avtomashinasida Oltinko`l tumani Ko`makay MFY hududida yo`l chetida ketayotgan 1-sinf o`quvchisi Asadbek B.,ning oldida to`xtab, uni qo`lidagi narxi 450.000 so`mlik “RedMi-5” rusumli uyali telefon apparatidan bir marotaba qo`ng`iroq qilib olish uchun olib, hodisa joyidan qochib ketgan.
Voqea haqida xabar bergan IIV huzuridagi Tergov departamentining ma`lum qilishicha, 7 yoshli Asadbek B., ushbu “Spark” rusumli avtomashinaning davlat raqamini eslab qolib otasiga ma`lum qilgan. Bolakayning fakti asosida olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasida ushbu jinoyatni 23 yoshli Husniddin R., sodir etganligi aniqlangan. U o`z xohishi bilan talonchilik orqali qo`lga kiritgan uyali telefon apparatni Asadbek B.,ning otasiga olib borib berganligi ma`lum bo`lgan.
Mazkur holat yuzasidan Oltinko`l tumani IIB huzuridagi Tergov bo`linmasi tomonidan Husniddin R.,ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 1-qismi (Talonchilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Hozirda tergov davom etmoqda.