Bugun, 2 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” bo`lib o`tdi. Unda xalq vakillari “Oliy ta`lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarni turar joylar bilan ta`minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to`g`risida”gi masalani muhokama qildi. Deputatlarning ushbu masala yuzasidan savollariga O`zbekiston Respublikasi oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri Abduqodir Toshqulov javob berdi. Bu haqda Oliy Majlis Konunchilik palatasi Axborot xizmati ma`lum qildi.
Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri Abduqodir Toshqulov oliy ta`lim muassasalaridagi muammolarga har bir rektor shaxsan javobgarligi, talabalar turar joylarida oddiy sharoitlar yaratilmagani, o`zi ham bir kecha talabalar bilan tunaganini aytdi.
Bugungi kunda oliy ta`lim muassasalarida yotoqxonalarga qo`shimcha ehtiyoji bor talabalar soni 149,4 ming nafarni tashkil etmoqda. Ushbu ehtiyojni qoplash uchun 400 o`rinli 373 ta yotoqxona qurish talab etiladi.
Oliy ta`lim muassasalari yotoqxonalarining sharoiti yaxshi emasligi shaxsan rektorning e`tiborsizligi, OTM rahbarining o`sha yotoqxonaga kirmasligidan, boshqa sabab yo`q.
Har qanday OTM pul topa oladi. Chunki talabalar turar joyida yashayotgan talaba muassasa hisob-kitobidan kelib chiqib, oz bo`lsa-da pul to`laydi. Arzimas pul, lekin o`sha pulni o`ziga sarflasa ham hamma jihozini tayyor qilib qo`ysa bo`ladi. Chunki elektr energiyasi va boshqa xarajatlar asosiy hisobdan to`lanadi.
Endi hozir men aytmayman, ijtimoiy tarmoqlarda chiqib, noto`g`ri talqin bo`lishi mumkin. Bir kuni bir talabalar turar joyiga borib, talabalar orasida bir kecha yotdim. Bir talaba bilan uning xonasida tunni tongga ulab suhbat qilib chiqdim va undan butun sir-asrorni so`rab oldim. Yashash sharoiti, sanuzellar holati, bir dunyo muammo bor.
Talabalar 40 foiz darslardan norozi. Jami o`qituvchilarning 40 foizi berayotgan bilimdan norozi.
Nega yotoqxonada avtomat kir yuvish mashinalari turmasligi kerak? Hamma narsa nomiga qilib qo`yilgan, qizlar tashqarida kir yuvadi, tashqarida kir yoyadi, bunga hech qancha xarajat ketmaydi, bunga e`tibor kerak, xolos.
Hali ham bizda professor-o`qituvchilar “ustoz otangdek ulug`”, deb masalaning faqatgina bir tomoniga e`tibor berishadi-da, unga farzanddek mehr qo`yishni o`ylab ko`rmayapti. Agar shu munosabatni shakllantirsak, mana bunday holatlar to`g`ri, taqdirga bog`liq-ku, lekin bo`lmasdi, menimcha. Kontingent ko`payib ketdi, deb noliydi rektorlar, guruh murabbiylariga etarlicha haq berib ishni talab qilsa bo`ladi-ku.
Qizg`in bahs-munozaralarga boy kechgan “Hukumat soati”da ushbu yo`nalishda olib borilayotgan islohotlarni yanada rivojlantirish yuzasidan aniq tavsiyalar berildi. Muhokamalar yakunida mazkur yo`nalishdagi ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini ta`minlashga kelishib olindi.