OAV orqali tarqalgan video material Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi agentligining hududiy mutaxassislari hamda inspektorlari tomonidan joyiga chiqib o`rganildi.
Mazkur dolzarb muammo Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo`mitasi tomonidan nazoratga olindi.
“Obod Savdo Biznes” MChJ ga qarashli kushxona faoliyatidan hosil bo`lgan oqova suvlar zax ariqqa oqizilgani ma`lum bo`ldi. Holat yuzasidan 2021 yil 26 fevral kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo`yicha Qibray tumani inspeksiyasi tamonidan ogohlantirish xati berilgan.
Bu bilan “Tabiatni muxofaza qilish to`g`risida”gi Qonunning 19-moddasi, “Suv va suvdan foydalanish to`g`risida”gi Qonunning 18, 19, 99-moddalari talablari buzilib, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 72-moddasi 1-qismi bilan ma`muriy javobgarlikka tortilishiga sabab bo`ldi.
Ta`kidlash zarurki, mazkur Ixtisoslashgan so`yish korxonasi binolari 2014 yilda “Obod Savdo Biznes” MChJ tasarrufiga o`tgan va Qibray tumani hokimining tegishli qarori qabul qilingan. Ixtisoslashgan so`yish korxonasi qurilib 2018 yil ishga tushirilgan, lekin hujjatlar so`ralganda, aynan Ixtisoslashgan so`yish korxonasi uchun tegishli tashkilotlar xulosalari taqdim qilinmadi.
Oqova suv va kushxona hududidan chiqayotgan oqova suv uchun qilingan o`ralar gidroizolyasiyalangan (betondan yasalgan), lekin oqova yig`ilmasdan dala va zax ariqga oqizilgan.
Oqova suvni o`radan tortib olinishi, chiqindilarni olib chiqish uchun u yoki bu maxsus tashkilotlar bilan shartnomalar tuzilmagan. Shu bilan birga kushxonani yuvish vaqtida chiqqan qon aralash suv va so`yilgan mol ichaklari kushxona hududining orqa tomoni — dala qismiga chiqarilishi natijasida tartibsiz holatga kelib qolgan.
Veterinariya-sanitariya qoida va me`yorlari talablari buzilgan.
Toshkent viloyat ekologiya boshqarmasi, Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi agentligining hududiy boshqarmasi tomonidan aniqlangan holatni zudlik bilan bartaraf qilish choralarini ko`rish uchun zarur tavsiyalar berilib, nazoratga olindi.
Ayni damda yuqorida bayon etilgan masalalarni bartaraf qilish yuzasidan ko`rsatmalar berilib, kushxonadan chiqayotgan oqova suvning ariqqa oqizilishi to`xtatildi.
Holat yuzasidan tegishli hujjatlar Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo`yicha vakilga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda”.