O`zbekiston regbi federasiyasi "O`zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi" AJ hamkorligida 2021 yil 6-7 mart kunlari Xalqaro xotin-qizlar kuni bayramiga bag`ishlangan U-18 regbi musobaqasi tashkil etildi.
Turnir Osiyoda regbi bo`yicha o`tkaziladigan chempionat va olimpiya o`yinlari kabi nufuzli xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik ko`rish doirasida tashkillashtirildi.
Ushbu musobaqada O`zbekistonning barcha viloyatlaridan 18 yoshgacha bo`lgan qizlardan tashkil topgan jamoalar ishtirok etishdi. Bu esa o`z navbatida regbi mamlakatimizda qaytmas sur`atlar bilan rivojlanayotganligi va unga bo`lgan qiziqish tobora ortib borayotganining yana bir isbotidir.
Bayram musobaqasi ko`tarinki ruhda va do`stona raqobatda o`tkazildi. Mamlakatimizning turli viloyatlaridan tashrif buyurgan ko`plab ishqiboz va muxlislar o`zlarining sevimli jamoasini qo`llab-quvvatlash uchun mehmon sifatida qatnashdilar.
Qizg`in bahslarga boy bo`lgan bellashuvlarda har bir jamoa vakillari o`zaro kuch sinashda kuchli jismoniy, aqliy qobiliyatlari va irodaviy hislatlarini namoyish etishga muvaffaq bo`ldilar.






