Osiyo sambo uyushmasining navbatdagi onlayn yig`ilishi tashkil etildi. Unda tashkilot rahbariyati, ijroqo`m a`zolari va milliy assosiasiyalar vakillari ishtirok etishdi, deya xabar berdi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Axborot xizmati.
Virtual yig`ilish davomida Osiyo sambo uyushmasi prezidenti Alamjon Mullaev tomonidan yil davomida o`tkaziladigan muhim musobaqalar rejasi tanishtirib o`tildi. Bundan tashqari, sambo sporti 2025 yili Toshkentda o`tkaziladigan o`smirlar o`rtasidagi Osiyo o`yinlari dasturiga kiritilayotganligi ma`lum qilindi. Ushbu yangilikni Osiyo sambo oilasi mamnunlik bilan qarshi oldi.
Qolaversa, biz uchun yana bir ahamiyatli jihati, 2021 yilgi Osiyo chempionati iyun oyida Toshkentda o`tkaziladigan bo`ldi.
Aslida mazkur musobaqaga belgilangan reja bo`yicha Indoneziya mezbonlik qilishi lozim edi. Ammo shu yili tashkil etiladigan Sohil o`yinlari sabab, ushbu musobaqani boshqa mamlakatga ko`chirishga qaror qilindi. Unga ko`ra, Osiyo chempionati mezbonligi uchun O`zbekiston sambo assosiasiyasi tomonidan berilgan ariza qabul qilindi. Shu sababli, iyun oyida o`smirlar, yoshlar va kattalar o`rtasidagi Osiyo chempionatini Toshkentda o`tkazish taklifi o`rtaga tashlandi. Yig`ilish ishtirokchilarning aksariyat qismi ushbu taklifni qo`llab-quvvatlashdi. Shu tariqa, bu yilgi Osiyo chempionati poytaxtimiz Toshkentda o`tkaziladigan bo`ldi.
Bundan tashqari, ushbu musobaqa vaqtida Osiyo sambo uyushmasining yillik Kongressi va saylov-konferensiyasi ham tashkil etiladi.
Yig`ilish davomida O`zbekiston sambo assosiasiyasi raisi Alisher Alimov ham so`zga chiqib, bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik bildirdi va ushbu musobaqa yuqori saviyada tashkil etilishi haqida gapirdi
O`z navbatida, O`zbekistonda samboni yanada rivojlantirish yo`lida amalga oshirilayotgan ishlar Osiyo sambo uyushmasi prezidenti tomonidan alohida e`tirof etildi.






