AsosiyJamiyat

Turkiya bilan ta`lim sohasidagi sheriklikni kengaytirish masalasi muhokama etildi

'Turkiya bilan ta`lim sohasidagi sheriklikni kengaytirish masalasi muhokama etildi'ning rasmi

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho`g`li boshchiligidagi delegasiya O`zbekistonga tashrifi doirasida Xiva, Buxoro hamda Samarqand shaharlarida bo`lgani haqida xabar berilgan edi.

9-mart kuni Toshkent shahrida O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho`g`lu bilan uchrashuvi hamda ikki mamlakat TIV rahbarlari boshchiligida Strategik rejalashtirish guruhining ikkinchi yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Muzokaralar chog`ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiya, investisiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar 2020-yil fevral oyida Anqara shahrida bo`lib o`tgan O`zbekiston va Turkiya Prezidentlarining uchrashuv va muzokaralari chog`ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Bo`lajak qo`shma tadbirlarga, xususan, oliy darajadagi O`zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig`ilishiga tayyorgarlikning tashkiliy masalalari ko`rib chiqildi.

Parlamentlararo muloqotni mustahkamlash, ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy asoslarini takomillashtirish va hududlararo hamkorlikni yo`lga qo`yish bo`yicha fikr almashildi.

BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa ko`p tomonlama tuzilmalar doirasidagi aloqalarni yanada faollashtirishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekanligi ma`lum qilindi.

Ilmiy-ta`lim sohasidagi sheriklikni kengaytirish masalalariga, jumladan, O`zbekistonda Baxcheshehir universiteti filialini ochish, shuningdek Xo`ja Bayram Vali nomidagi universitet bilan birgalikda Farg`ona oliy turizm maktabini tashkil etish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Turkiya tomoni “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog`liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya, “Sharq taronalari”, baxshichilik san`ati, hunarmandlar xalqaro festivallari va boshqa tadbirlarga taklif qilindi.

Shuningdek, tadbirda xalqaro va mintaqaviy kun tartibining ayrim masalalari ham ko`rib chiqildi.

Strategik rejalashtirish guruhi yig`ilishi yakunlangach, ikki mamlakat tashqi siyosaiy idoralari rahbarlari O`zbekiston va Turkiya tashqi ishlar vazirliklari o`rtasida 2022-2023-yillarga mo`ljallangan hamkorlik dasturi va Tarjima xizmatlari sohasida o`zaro anglashuv memorandumini imzoladilar.

    Boshqa yangiliklar