Bu haqda AOKAda bo`lib o`tayotgan matbuot anjumanida “O`zbekchorvanasl” agentligi boshqarma boshlig`i Nargiza Amanbaeva ma`lum qildi.
Yangi qabul qilingan qarorga muvofiq qo`shimcha qiymat solig`i to`lovchilari bo`lgan chorvachilik sub`ektlari o`z xo`jaliklarida etishtirib realizasiya qilgan yirik va mayda shoxli qoramollarning tirik vaznidagi har 1 kg go`shtiga 2000 so`mdan, har 1 litr sutiga 200 so`mdan subsidiya belgilab berildi. Parrandachilik xo`jaliklarida o`z xo`jaligida etishtirgan va realizasiya qilgan mahsulotining har bir dona tuxum uchun 50 so`mdan, parranda go`shtiga 800 so`mdan, baliqchilik xo`jaliklariga intensiv usulda etishtirgan sovuq suv baliqlari: losos, farel va astyor kabi baliq turlarining har bir kg uchun 3000 so`mdan, boshqa turdagi baliqlarga 1000 so`mdan subsidiyalar belgilab berildi.
O`tgan yillarda chet eldan import qilingan hayonlarga hamda ichki xo`jaliklarda etishtirilgan hayvonlarga subsidiya ajratilar edi, bu yildan yangi qaror bilan chorva hayvonlaridan etishtirilayotgan mahsulotlarga ham subsidiya ajratish belgilandi.
Naslchilik sub`ektlari endilikda foyda solig`i, mol-mulk solig`i, er solig`i hamda suv resurslaridan foydalanganlik uchun to`lanadigan soliqlar soliq stavkasining 50 foizini to`lashi belgilandi.