Farmonga ko`ra, 2021 yil 1 iyundan boshlab ipoteka krediti bo`yicha dastlabki badal va foiz to`lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar to`lashning soddalashtirilgan tartibi joriy qilinadi.
Unga muvofiq:
➖fuqarolar tomonidan subsidiya olish uchun arizalar yil davomida topshirilishi mumkin;
➖subsidiya olish uchun murojaat qilgan ariza beruvchining daromadlariga u bilan birga yashamayotgan yaqin qarindoshlarining daromadlari ham kiritilishi mumkin;
➖subsidiya olish uchun murojaat qilgan ariza beruvchidan “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali olish mumkin bo`lgan hujjatlarni (ma`lumotlarni) talab qilish man etiladi;
➖uy-joy sotib olish uchun subsidiya taqdim etish to`g`risidagi xabarnoma ular berilgan vaqtdan boshlab 12 oy davomida amal qiladi.
Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolar, shu jumladan xotin-qizlarni ijara huquqi asosida vaqtinchalik joylashtirish uchun uy-joylar sotib olinadi (1 000 ta kvartira).
2021 yil 1 iyundan Toshkent shahrida tajriba tariqasida boshpanasiz, og`ir turmush sharoitiga tushib qolgan hamda “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida ro`yxatga olingan fuqarolarga ijara xarajatlarining bir qismini qoplash uchun 6 oy davomida oylik ijara to`lovining 50 foizi miqdorida, biroq BHMning ikki yarim baravaridan oshmagan holda oylik pul kompensasiyasini to`lash tartibi joriy qilinadi.
Farmonga ko`ra, ijtimoiy hamkorlikni yanada kuchaytirish, kompensasiya, subsidiyalar va davlat tomonidan taqdim etiladigan boshqa imtiyozlarni adolatli taqsimlash hamda ulardan samarali foydalanish maqsadida “Xalqparvar” komissiyalari tashkil etiladi.
2021 yil 1 maygacha aholiga qulay shaklda ma`lumotlarni taqdim etuvchi ipoteka bozori veb-portali ishga tushiriladi.