Avvalroq, O`zbekiston – Qirg`iziston rahbarlari o`rtasidagi muzokara keng doiraga ko`chgan va rasmiy delegasiyalar ishtirokida davom etgani haqida xabar bergan edik.
Muzokaralar yakunlangach, imzolangan hujjatlarni almashish marosimi bo`lib o`tdi.
O`zbekiston va Qirg`iziston Prezidentlari Qo`shma bayonot qabul qildilar. Shuningdek, ikki mamlakat vazirliklari va hududlari rahbarlari imzolangan hujjatlar bilan almashdilar. Umuman, tashrif doirasida ko`p qirrali O`zbekiston-Qirg`iziston sherikligining deyarli barcha yo`nalishlarini qamrab olgan 22 ta hujjat imzolandi.
Qariyb 50 ta qo`shma loyihani amalga oshirish nazarda tutilgan Sanoat kooperasiyasini kengaytirish va chuqurlashtirish bo`yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi, O`zbekiston-Qirg`iziston Investisiya fondini tashkil etish to`g`risidagi bitim, elektr energiyasini o`zaro etkazib berish, Qirg`izistonda gidroenergetika ob`ektlarini qurish sohasidagi hamkorlik to`g`risidagi hujjatlar shular jumlasidan.
Andijon va O`sh, Namangan va Jalolobod, Farg`ona va Botken, Norin viloyatlari o`rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo`yicha “yo`l xaritalari” hududlararo hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Shuningdek, tashqi siyosat idoralari o`rtasidagi hamkorlik dasturi hamda bojxona ishi, harbiy va harbiy-texnik hamkorlik, sog`liqni saqlash, oziq-ovqat xavfsizligi, o`simliklar karantini, ta`lim, fan va madaniyat sohalari bo`yicha qator muhim hujjatlar imzolandi.