1

Xalqaro ekspertlar Toshkent kinofestivalini o`tkazish bo`yicha takliflar berishdi

Madaniyat 29.03.2021, 13:41
Xalqaro ekspertlar Toshkent kinofestivalini o`tkazish bo`yicha takliflar berishdi

"O`zbekkino" MAda tashkil etilgan "Assalom, Navro`z" kino-oyligi doirasida "Ipak yo`li durdonasi" Toshkent xalqaro kinofestivalining tashkiliy masalalariga bag`ishlangan anjuman bo`lib o`tdi. Videokonferesiya shaklida o`tkazilgan anjumanda Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Eron, Armaniston va boshqa mamlakatlarning etakchi kinoekspertlari, tashkilotchilar, tajribali mutaxassislar va prodyuserlar ishtirok etishdi.

FIAPF Xalqaro federasiyasi festivallari direktori Florens Jiro ushbu festivalning “Festivallar festivali” shaklida o`tkazilishini qo`llab-quvvatlab, quyidagi fikrlarni bildirdi:

–  O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan qayta tiklanayotgan “Ipak yo`li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalining “Festivallar festivali” formatida o`tkazilishini qo`llab-quvvatlaymiz. Markaziy Osiyodagi ushbu festival Jahon kinohamjamiyatida katta qiziqish uyg`otishi aniq. O`z o`rnida biz bu festivalni o`tkazishda qo`limizdan kelgan barcha yordamni berishga tayyormiz.

Anjuman davomida ekspertlar Toshkent xalqaro kinofestivalini o`tkazish bo`yicha bir qator takliflar berishdi. Jumladan, kinoshunos va san`atshunos, “EuroAsia Global Sonnecting” agentligi Bosh direktori Svetlana Slapke, tomonidan festivalni joriy yilning 29 sentyabridan 3 oktyabriga qadar o`tkazish taklif qilindi. Ushbu taklif qolgan ekspertlar tomonidan ham ma`qullandi. Mutaxassislar aynan shu vaqtni boshqa festivallarni o`tkazish paytiga mos tushmasligi sababidan hamda pandemiya sharoiti va boshqa tashkiliy masalalarni inobatga olib, Toshkent festivali uchun qulay vaqt, deb topishdi. Bundan tashqari, kinomutaxassislar yoshlar masalalariga ham alohida to`xtalib o`tishdi.  

–   Yoshlarga e`tibor qaratish, ularni qo`llab-quvvatlash, kinodagi faoliyatlari uchun sharoit yaratish, sohada sog`lom raqobat muhitini jonlantirish lozim", – dedi kinoshunos, Oksford universiteti professori Katriona Kelli.  

Mazkur fikrlar  “Oltin o`rik” (GAIFF Pro) festivali rahbari, kinomutaxassis Melik Karapetyan tomonidan ham ma`qullanib, "Yoshlar kinosi festivali"ni tashkil etish va bo`lajak festival uchun etarli sharoit yaratish, yuqori sifatli kinoteatrlar va texnika bilan ta`minlash muhimligi ta`kidlandi.  

“Umut” MDH mamlakatlari yoshlar kinosi forumi dasturiy direktori, kinotanqidchi Gulbara Tolomusheva turli mintaqa kinoijodkorlari uchun tanlov dasturini tashkil etishni taklif qildi:

–        Bu festival ijobiy muloqot platformasini yaratish imkonini beradi. Yangi aloqalarni o`rnatish va tajriba almashish orqali o`zaro madaniyatlar almashadi. Shu bilan birga ushbu festivalda tanlov dasturi ham bo`lishi kerak. Bu festivalga bo`lgan qiziqishni oshiradi.  

Rossiyalik kinoshunos, san`atshunoslik fanlari doktori, Butunrossiya kinematografiya instituti professori Kirill Razlogov festivalda o`zbekistonlik ijodkorlarning ishlarini ham taqdim etishni tavsiya qildi:

–       O`zbek tomoshabinlarida dunyo festivallarida g`olib filmlarni jonli tomosha qilishdek imkoniyat paydo bo`lmoqda. O`z navbatida xalqaro kino hamjamiyatiga ham o`zbekistonlik kinoijodkorlarning ishlari qiziq, albatta. Men ham Toshkent festivaliga tanlov dasturi kiritilishini qo`llayman. Shuningdek, o`zbek ijodkorlarining ishlari ham taqdim etilsa maqsadga muvofiq bo`lardi  – deya fikr bildirdi kinoshunos.

Shuningdek, eronlik kinorejissyor va kinotanqidchi Ali Rizo Shoxruxiy festival o`z uslubiga ega bo`lishi lozimligini aytdi:

–       Toshkent festivalini boshqa festivallardan ajratib turadigan o`z uslubi va o`ziga xosligi bo`lishi kerak deb o`ylayman. Buning uchun barcha imkon bor. Aynan shu yo`nalishga ham alohida e`tibor qaratish va festival o`z uslubini izlashi lozim – dedi Ali Rizo Shoxruxiy.

Videokonferensiyada qatnashgan san`atshunoslik fanlari doktori Nigora Karimova, “Respublika kinofondi” DUK direktori Eljon Abbasov, Rossiyada xizmat ko`rsatgan artist Farhod Maxmudov, ssenarist, VGIK professori Odelsha Agishev va rejissyor, ssenarist, Rossiya Milliy kino san`ati va Fanlar Akademiyasining muxbir a`zosi Elyor Eshmuhammedov va boshqa kino mutaxassislar ham o`z fikrlarini bildirib o`tishdi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1