Kecha, 28 mart kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasi raisi o`rinbosari Nosirbek Abdullaxanov tashabbusi bilan Namangan viloyatida ilk marotaba urologiya sohasidagi noyob jarrohlik amaliyoti o`tkazildi.
Viloyat markazida joylashgan “ANAMED” diagnostika markazida rossiyalik taniqli shifokor, Ilya Mechnikov nomidagi Shimoliy-g`arbiy davlat tibbiyot universiteti masofaviy litotripsiya kafedrasi mudiri, Sankt-Peterburg shahridagi Aleksandrovskaya shifoxonasi urologiya bo`limi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Oleg Burlaka namanganlik hamkasblari bilan birga lazer yordamida prostata adenomasi tugunchalarini tig`siz ajratib olish jarayonini amalga oshirdi.
Avvallari mazkur yo`nalishdagi jarrohlikdan so`ng bemor uch kun davomida to`shakka mixlanib yotishga majbur bo`lardi. Farg`ona vodiysida ilk bor Namanganda kirishilgan bunday tig`siz amaliyotdan keyin bemor bir kunda sog`ayib uyga qaytadi.
Ma`lumot o`rnida, Oleg Burlaka prostata adenomasini minimal invaziv davolash bo`yicha taniqli mutaxassis hisoblanib, 20 yillik ish tajribasiga ega. Og`riqli siyish va pastki qorinda og`riqlar shikoyati bo`lgan bemorlar bilan ishlaydi. U Evropa urologiya assosiasiyasi va Rossiya urologiya jamiyatining a`zosidir.
– O`zbekistonlik hamkasblarim bilan birga jiddiy urologik jarrohlik amaliyotini jahon tibbiyotidagi so`nggi tajribalarga tayangan holda o`tkazdik, – deydi rossiyalik shifokor Oleg Burlaka. – Jarayon garchi murakkab bo`lsa-da, Namanganda yaratilgan qulay sharoitlar tufayli muvaffaqiyatli ado etdik. 60 yoshdan oshgan to`rt nafar bemorda hayotga bo`lgan ishonch va xursandchilik uyg`otganimizdan mamnunmiz. To`g`risi, zamonaviy shart-sharoitlar va dunyo standartlariga to`la javob beruvchi jihozlar e`tiborimni tortdi. Namangan viloyatida yuqori salohiyatga ega xususiy tibbiyot tizimida bunday muhitdagi ish, nazariy va amaliy hamkorligimizni kelgusida ham davom ettirishga ishonch paydo qiladi.