1

O`zbekiston va Qozog`iston Erkin Vohidovning “Oltin devor” asari asosida hamkorlikda film suratga oladi

Madaniyat 01.04.2021, 21:12
O`zbekiston va Qozog`iston Erkin Vohidovning “Oltin devor” asari asosida hamkorlikda film suratga oladi

Bugun “O`zbekkino” Milliy agentligida Qozog`istonning O`zbekistondagi elchixonasi vakillari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Bu haqda “O`zbekkino” Milliy agentligi Axborot xizmati xabar bermoqda. 

Uchrashuvda Qozog`iston elchisi Darxan Satbald va elchixona vakillari, “O`zbekkino” Milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, birinchi o`rinbosar Shuxrat Rizaev, rejissyor Hilol Nasimov ishtirok etdi. Uchrashuv davomida ikki davlat ijodkorlari bilan film yaratish taklifi bildirildi.

Hamkorlikda suratga olinishi kutilayotgan “Qo`shnilar” filmi komediya janrida bo`lib, unda o`zbek va qozoq qo`shnilarning o`zaro munosabatlari va hovli o`rtasidagi devorning buzilganidan so`ng, topib olingan tilla atrofidagi voqealar aks ettiriladi. Film O`zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning “Oltin devor” asari asosida suratga olinishi rejalashtirilgan. Ushbu kinoloyiha ssenariysi ustida Qozog`iston tomondan aktyor, bloger va ssenarist Azamjan Saidbaev ish boshlaydi. Filmni ishlab chiqarish jarayonida ikki davlat ijodkorlari teng hissada ishtirok etadi. Hamkorlikdagi yangi film “Ipak yo`li durdonasi” Xalqaro Toshkent kinofestivalida taqdim etilishi ko`zda tutilgan.

Uchrashuvdan oldin qozog`istonlik mehmonlarga “O`zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan Hilol Nasimov tomonidan suratga olingan “Meros” filmi namoyish etildi. So`ngra o`zbek va qozoq xalqlarining qadimiy do`stligi, an`ana va e`tiqodlari haqida hikoya qiluvchi “Meros” filmining Qozog`istonda taqdimotini o`tkazishga kelishildi. Shuningdek, uchrashuv davomida Qozog`istonda o`zbek kinosi kunlarini o`tkazish, “Ipak yo`li durdonasi” Xalqaro Toshkent festivali bo`yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Ikki davlat kinoijodkorlarining tajriba almashinishi va muloqot yo`lga yo`lga qo`yilishi soha rivojiga xizmat qilishi ta`kidlandi.

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1