2 aprel kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva boshchiligidagi Ishchi guruh hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush farovonligini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlarni o`rganish va aholi bilan bevosita muloqot qilish maqsadida Toshkent viloyatining Yangiyo`l va Quyi Chirchiq tumanlarida bo`ldi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati ma`lum qildi.
Tashrif davomida mazkur hududlarda aholi turmush farovonligini yaxshilash yo`lida olib borilayotgan ishlar bilan tanishish, ishlab chiqarish, qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirish, tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatini yo`lga qo`yish, xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlashdagi sa`y-harakatlarga e`tibor qaratildi.

Bugungi kunda Yangiyo`l tumanida jami 69 ta mahalla mavjud bo`lib, shundan 6 tasi qizil, 45 tasi sariq, 18 tasi yashil hudud etib belgilangan. Qizil hududdagi “Jambul”, “Paxta”, “Epkendi” mahallalarida tizimli muammolar echim topmoqda.
Ishchi guruhi dastlab Yangiyo`l tumani “Yuksalish” MFYda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni ish bilan ta`minlash borasida amalga oshirilgan ishlarni ko`zdan kechirish maqsadida “Anora G`ilof Baraka” OKga qarashli tikuvchilik korxonasida bo`ldi.

Abdukarim Abduraximov 2001 yilda yakka tadbirkor sifatida o`z ishini boshlagan. 2010 yida esa oilaviy korxonaga aylantirgan. Avtomobillar uchun g`ilof tikiladigan ushbu korxonada hozirda 70 nafarga yaqin ishchilar faoliyat yuritmoqda. Ahamiyatlisi, ularning aksariyati ushbu mahallada istiqomat qiluvchi, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlardir. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar hozirda ichki bozorga sotuvga chiqarilmoqda. Yaqin kunlarda chet mamlakatlar, qo`shni davlatlarga eksport qilinishi rejalashtirilgan.
Shu erning o`zida mahalladagi xotin-qizlar bilan dildan suhbatlashildi, ularning muammolari eshitildi.

Xususan, uy-joy bilan ta`minlanish, sog`lig`ini tiklashda yordam, tadbirkorlik faoliyatini yo`lga qo`yishda imtiyozli kredit berish, ishga joylashish kabi qator masalalarda ko`mak so`raldi. Ularning aksariyatiga shu erning o`zida echim topildi. Tegishli mutasaddilarga ko`rsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Navbatdagi manzil – “Paxta” MFY. Ishchi guruh a`zolari ushbu hududda tadbirkorlik sub`ekti tomonidan tashkil etilgan konteynerlarda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning tikuvchilikka o`qitish markazi faoliyatiga e`tibor qaratdi. Qolaversa, mahalla ahli, xotin-qizlar bilan uchrashib, murojaatlarini o`rgandi.

Shundan so`ng, “Nov” mahallasida yashovchi hunarmand Behzod Madraimov xonadonida hunarmandchilik ishlari bilan tanishildi. E`tiborlisi, ushbu tadbirkor 18 nafar ayolni ish bilan ta`minlagan. Bundan tashqari, “ustoz-shogird” an`anasi asosida 19 nafar shogird tayyorlamoqda. Asosan qo`l mehnati bo`lgan ushbu tadbirkorning ishlab chiqargan mahsulotlari Saudiya Arabistonida xaridorbop.
Senat Raisi tadbirkor bilan suhbatlashar ekan, uning takliflariga quloq tutdi. Ishbilarmon B.Madraimov ish faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida joy ajratilishida yordam so`radi. Ushbu masala tez orada hal etiladigan bo`ldi.

So`ngra “Jambul” MFYda aholi, shu jumladan, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan muloqot qilindi. Uchrashuvda subsidiya asosida issiqxona qurib berish, tadbikorlik faoliyatini yo`lga qo`yish va kengaytirishda joy ajratish hamda imtiyozli kredit olish, tikuv mashinalari berilishida yordam so`raldi. Ular tez orada ijobiy hal etiladi. Boisi, tegishli mutasaddilarga ko`rsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
“Darxon” MFYda istiqomat qiluvchi K.Karimovaning uch nafar farzandi bor. Yaqinda unga 3 xonali uyning boshlang`ich to`lovi to`lab berildi. O`g`li Javohirbek esa ijodkor, she`r yozadi. Tuman hokimligining amaliy ko`magida birinchi kitobi chop etildi. Tez orada “Yig`lamang, ona” deb nomlangan yana bir she`riy to`plami ham chop etiladi. Uning sarf-xarajatlari esa hokimlik tomonidan qoplanadigan bo`ldi. Uchrashuvda Javohirbekka kompyuter sovg`a qilindi.

Quyi Chirchiq tumanidagi “Alkim Tekstil” MChJ korxonasida 150 nafar xotin-qiz mehnat qilmoqda. 2019 yilda rossiyalik hamkorlar bilan birga tashkil etilgan ushbu qo`shma korxonada “Temir daftar”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar ham faoliyat yuritmoqda.
Senat Raisi boshchiligidagi Ishchi guruhi bu jamoaning yutuqlari bilan tanisharkan, bejirim kiyim-bosh tikayotgan xotin-qizlarning ishlash va yashash sharoitlari bilan qiziqdi.
Qolaversa, ishchi xodimlarni moddiy va ma`naviy rag`batlantirish masalalariga e`tibor qaratildi. Ularni Kasaba uyuushmasi tomonidan xodimlarni respublikamizning qadimiy shaharlariga sayohatga yuborish masalasi ko`rib chiqiladigan bo`ldi.

“Vatan” MFYdagi muloqotlarda esa “Ayollar daftari”da qayd etilganlarning ijtimoiy himoyasi, bu jarayondan chiqib ketish chora-tadbirlari, oilalardagi turmush qiyinchiliklarini engishda ayolning jur`ati va jasorati xususida to`xtalib o`tildi.
Suhbat jarayonida imkoniyati cheklangan, 18 yildan buyon ijarada yashayotgan O`.Toshxo`jaevaga tikuv mashinasi olib beriladigan bo`ldi. Uning gulday hunari bor, ammo dastgoh xarid qilishga sarmoyasi yo`q edi. X.Nosirovani esa 8 yildan buyon jigar serrozi qiynaydi. Davolanish uchun imkoniyati cheklangan. Uning ham muammosiga echim topildi.
Senat Raisining xalq deputatlari Yangiyo`l va Quyi Chirchiq tumanlari Kengashlari deputalari bilan o`tkazgan uchrashuvlarida aholi va xotin-qizlar tomonidan ko`tarilgan muammolarni hal etish, ayollarga har tomonlama ko`maklashish masalalari muhokama qilindi.

Tumanda tashkil etilgan “mahallabay” ishlash bo`yicha shtab faoliyati bilan tanishildi. Qolaversa, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga alohida yordam ko`rsatish, noturar joylarda istiqomat qilayotgan, tibbiy himoyaga muhtojlar, tadbirkorlik qilish istagini bildirgan, tomorqasidan daromad olish yo`l-yo`riqlarini qidirayotgan ayollarga ko`mak berish borasidagi sa`y-harakatlarda deputatlarning o`rniga e`tibor qaratildi. Qolaversa, sektor rahbarlari, tegishli mutasaddilarning axborotlarini eshitib borish kabi jihatlarga to`xtalib o`tildi.
Shuningdek, mahalliy Kengashlar deputatlarining fikr-mulohazalari eshitildi hamda zarur tavsiyalar berildi.