Tashrif doirasida O`zbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbari T.Narbaeva MDHga a`zo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasi Kengashining majlisida ishtirok etdi. Unda Assambleya faoliyatiga oid bir qator masalalar, shu jumladan tashkilotning 2020 yildagi faoliyati natijalari ko`rib chiqildi.
Ishtirokchilar MDH Hukumat rahbarlari Kengashining 2020 yil 6 noyabrdagi va MDH davlat rahbarlari Kengashining 2020 yil 18 dekabrdagi qarorlari to`g`risidagi axborotni eshitdilar. Mazkur axborot MDH Ijroiya qo`mitasi raisi Sergey Lebedev tomonidan taqdim etildi.
Shuningdek, Kengash a`zolari 2021 yil 27-28 may kunlari o`tkazilishi rejalashtirilgan IX Neva xalqaro ekologik kongressi va 2021 yil 13-15 oktyabr kunlari bo`lib o`tadigan uchinchi Evroosiyo ayollar forumiga tayyorgarlik borishini muhokama qildilar. Parlament a`zolari joriy yilning yanvar oyida bo`lib o`tgan saylov kampaniyalarini kuzatish natijalarini va boshqa qator masalalarni ham ko`rib chiqdilar.

Bundan tashqari, Assambleya huzuridagi Iqtisodiyot bo`yicha ekspert kengashining faoliyati, Hamdo`stlikni 2030 yilgacha iqtisodiy rivojlantirish Strategiyasini amalga oshirish bo`yicha vazifalar ko`rib chiqildi.

MDH davlat rahbarlari Kengashining navbatdagi majlisini, aniqrog`i MDHning yubiley sammitini Minskda o`tkazish rejalashtirilgani ta`kidlandi. 2022 yil noyabrda esa, MDH PA majlisini O`zbekistonda o`tkazishga kelishib olindi.








