Senatning bugungi o`n to`rtinchi yalpi majlisida “Ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo`lgan ehtiyojni ta`minlashning qo`shimcha choralari to`g`risida”gi Qonun ko`rib chiqildi. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar qildi.
Ta`kidlanganidek, kungaboqar urug`i va yog`i bo`yicha tashqi bozorlarda shakllanayotgan salbiy baho ko`rsatkichlar mamlakatimiz ichki bozoridagi narx-navoga va ijtimoiy holatga ham o`z ta`sirini ko`rsatmoqda.
Buni mamlakatimiz iste`mol bozorida o`simlik yog`iga bo`lgan yillik o`rtacha 460 ming tonna ehtiyojning taxminan yarmi import hisobidan qoplanishidan ham ko`rsak bo`ladi.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti ma`lumotida ham 2021 yil mart oyida dunyo bo`yicha o`simlik yog`i o`rtacha narxi o`tgan yilning mos davriga nisbatan 86 foizga, joriy yil boshiga nisbatan esa 21 foizga qimmatlashgani qayd etilgan.
Mamlakatimizga 70 foiz kungaboqar yog`i import qilinadigan Rossiya Federasiyasida bir tonna kungaboqar yog`i narxi 2020 yil dekabr oyida o`rtacha 900 dollarni tashkil etgan bo`lsa, 2021 yil mart oyida 1 250 dollargacha yoki 39 foizga oshgan.
Shu bilan birga, Rossiya tomonidan joriy yil 1 sentyabrdan bir yil muddatga kungaboqar yog`ini eksport qilishda boj to`lovining joriy qilinishi ham nazarda tutilgan.
Ushbu o`zgarishlar ta`siri natijasida o`tgan bir yil davomida mamlakatimizda kungaboqar yog`i narxi o`rtacha 38 foizga qimmatlashgan.
Yuzaga kelgan ushbu holatda mamlakatimiz ichki bozorlarida o`simlik yog`i narxi keskin oshishining oldini olish maqsadida mazkur Qonun bilan Soliq kodeksiga o`zgartish kiritilib, unga ko`ra 2021 yil 1 maydan 31 dekabrga qadar:
– mamlakatimiz hududiga o`simlik yog`i, kungaboqar va zig`ir urug`i, shuningdek, soya danagini olib kirish hamda;
– o`simlik yog`ini ishlab chiqarish va (yoki) realizasiya qilish bo`yicha mablag`lar aylanmasi qo`shilgan qiymat solig`idan ozod qilinmoqda.
Qolaversa, 2021 yil 1 maydan 31 dekabrga qadar bo`lgan davrda:
kungaboqar va paxta urug`lari, kungaboqar yog`i va paxta yog`i mahsulotlariga nisbatan mazkur Qonun bilan eksport boji joriy etilmoqda.
Mazkur Qonunning ma`qullanishi orqali moyli ekinlar ekilishi ustidan ham qat`iy monitoring o`rnatilishi kutilmoqda.
Senatorlar tomonidan ushbu Qonun ma`qullandi.






