AsosiyJAMIYAT

YPH, PPH va qo‘riqlash xizmatlariga o‘zaro qo‘shimcha vakolatlar beriladi.

Bu haqda bugun, 29 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga profilaktika inspektorlari va jamoat xavfsizligini ta'minlash tizimi faoliyatini takomillashtirish, shuningdek, soha uchun kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishga oid takliflar taqdimoti chog‘ida ma’lum qilindi.

'YPH, PPH va qo‘riqlash xizmatlariga o‘zaro qo‘shimcha vakolatlar beriladi.'ning rasmi

Taqdimotda qayd etilishicha, YPH, PPH va qo'riqlash xizmati xodimlari xizmat yo'nalishi yoki biriktirilgan hududidan qat'i nazar, aholi murojaatlariga tezkor munosabat bildirishi jamoat xavfsizligini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olishda ularga sabab bo'luvchi omillarni erta aniqlash, ularni bartaraf etish hamda xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan manzilli ishlash eng samarali profilaktika chorasi ekani ta'kidlangan.

Taqdimot davomida jinoyatchilik holatini baholashda hali ham raqamlar va statistik ko'rsatkichlarni taqqoslash amaliyotidan to'liq voz kechilmagani ko'rsatib o'tilgan. Shu munosabat bilan kriminogen vaziyatni baholashda faqat statistikaga emas, balki aholining huquqni muhofaza qiluvchi organlarga bo'lgan ishonchi, huquqbuzarliklarning takroran sodir etilishi hamda xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan ishlash samaradorligi asosiy mezon bo'lishi lozimligi qayd etilgan.

Shuningdek, jamoat xavfsizligi bo'linmalari faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini «aholiga xizmat ko'rsatuvchi tizim» tamoyili asosida belgilash taklif etilgan. Bunda asosiy maqsad aholining jamoat xavfsizligini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan roziligi va ishonchini ta'minlashdan iborat.

Buning uchun profilaktika inspektorlari, YPH, PPH hamda qo'riqlash xizmatlari faoliyatini o'zaro muvofiqlashtirish, aholi murojaatlariga tezkor javob berish, fuqarolar bilan ochiq muloqot olib borish va xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan manzilli ishlash vazifalarini yagona tizim asosida tashkil etish nazarda tutilmoqda.

    Boshqa yangiliklar