AsosiyJAMIYAT

Mirziyoyev Yoshlar kunida davlat mukofotlarini topshirdi

Shundan so‘ng Prezident "Kelajak bunyodkori" medali va "Mard o‘g‘lon" davlat mukofotlarini o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.

'Mirziyoyev Yoshlar kunida davlat mukofotlarini topshirdi'ning rasmi

Bugun, 30 iyun kuni Toshkent shahridagi Olimpiya shaharchasida Yoshlar kuni munosabati bilan "Kelajak bunyodkori" medali hamda "Mard o'g'lon" davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo'lib o'tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo'shayotgan bir guruh faol va iqtidorli yoshlarni taqdirladi.

Davlat rahbari o'z bilimi, iste'dodi, tashabbuskorligi va fidoyiligi bilan Yangi O'zbekiston rivojiga hissa qo'shayotgan yoshlarni tabriklar ekan, ular zimmasida katta mas'uliyat turganini ta'kidladi.

"Sizlar o'z davrida buyuk kashfiyotlari bilan jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo'shgan, Birinchi va Ikkinchi Renessansning “aql chirog'i” bo'lgan buyuk ajdodlarimizning munosib vorislarisiz. Albatta, vorislik faqat faxr emas, balki ulkan mas'uliyat hamdir", dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyevning ta'kidlashicha, ajdodlar insoniyat taraqqiyoti uchun qanday buyuk ishlarga qo'l urgan bo'lsa, bugungi yoshlar Yangi O'zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan asosiy kuchga aylanishi lozim.

Shundan so'ng Prezident "Kelajak bunyodkori" medali va "Mard o'g'lon" davlat mukofotlarini o'z egalariga tantanali ravishda topshirdi.

"Butun xalqimiz nomidan bugungi davlat mukofotlari sohiblarini yana bir bor samimiy tabriklayman. Mazkur yuksak e'tirof sizlarni yangi yutuq va marralar sari ruhlantirsin. Safingiz yanada kengaysin", dedi davlat rahbari.

Mukofotlangan yoshlar mamlakatda yaratilayotgan imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirib, bundan buyon ham o'z bilim va mehnati bilan Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo'shishga tayyor ekanini ta'kidladi.

    Boshqa yangiliklar