Joriy yil 21 aprel kuni “Tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Unga binoan, 2021 yil 1 maydan boshlab tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlash davlat jamg`armasi tomonidan Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmagan miqdordagi foiz stavkasi bilan kichik tadbirkorlik sub`ektlariga milliy valyutada beriladigan kreditlar bo`yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensasiya, uning belgilangan miqdorlarini saqlab qolgan holda taqdim etiladi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdulla RO`ZMETOV ma`lum qildi.
“Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida ro`yxatga olingan fuqarolarga esa tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun kredit miqdorining 75 foizigacha, lekin bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravaridan ortiq bo`lmagan tijorat banklari kreditlari bo`yicha kafillik beriladi. Eng muhimi, tadbirkorlik sub`ektlariga bank kreditlari bo`yicha kompensasiya va kafilliklar kredit shartnomalari sonidan qat`i nazar beriladi. Faqat kompensasiyalar taqdim etilayotgan kreditlarning umumiy summasi 10 mlrd so`mdan, kafilliklarning umumiy summasi esa 8 mlrd so`mdan, biroq umumiy kredit summasining 50 foizidan oshmasligi lozim.
Shuningdek, mazkur hujjatga muvofiq, eksportni rag`batlantirish agentligi eksport qiluvchilar tomonidan tovarlar ular bo`yicha to`lovlarni kechiktirib to`lash sharti bilan eksport qilinganda, ularning aylanma mablag`larini to`ldirish uchun revolver kreditlarni moliyalashtirishga tijorat banklariga moliyaviy resurslar taqdim etadi. Bunda, ushbu resurslar hisobidan kreditlar to`lovlar kechiktirilgan muddatga va eksport qilinayotgan mahsulotlar qiymati miqdorida, ammo 3 million AQSh dollari ekvivalentidan ko`p bo`lmagan miqdorda, yillik 4 foizli stavka (shundan, 2 foizi bank marjasi) bilan ajratiladi.
Ahamiyatli tomoni, endilikda yakka tartibdagi tadbirkorlar Tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlash davlat jamg`armasining kafillik va kompensasiyalaridan foydalanish huquqiga ham ega bo`lishadi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilayotgan kreditlarning 70 foizi kichik biznes loyihalariga, 30 foizi esa ustuvor ravishda o`zini o`zi band qilishga yo`naltiriladi.
Qarorda belgilangan yana bir muhim yangilik – joriy yil 1 iyundan boshlab uch yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat ko`rsatayotgan hamda hisoblangan soliqlarni muddatida to`lab kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga ko`ra soliq qarzini to`lash imkoniyatiga ega bo`lmayotgan tadbirkorlik sub`ektlari soliqlarni bo`lib-bo`lib to`lash imkoniyatiga ham ega bo`lishadi.
Faqat shugina emas. Qaror bilan uch yildan ortiq vaqtdan buyon tovarlarni import qilish bilan shug`ullanayotgan, bojxona to`lovlari bo`yicha majburiyatlarini bajarib kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga ko`ra to`lovlarni belgilangan muddatda to`lash imkoniyatiga ega bo`lmayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona to`lovlarini bo`lib-bo`lib to`lash huquqi ham berildi. Buning uchun ushbu tartib bo`yicha garovsiz bo`lib-bo`lib to`lanadigan soliq yoki to`lovlar summasi tadbirkorlik sub`ekti tomonidan oxirgi uch yil davomida to`langan soliq yoki bojxona to`lovlari summasining 50 foizidan oshmasligi lozim.






