AsosiyJamiyat

«Agarda ochiqlik va so`z erkinligi kursi davom etmasa, axborot makonimizni yana boshqalarga berib qo`yishimiz ham mumkin», — Dilshod Saidjanov

'«Agarda ochiqlik va so`z erkinligi kursi davom etmasa, axborot makonimizni yana boshqalarga berib qo`yishimiz ham mumkin», — Dilshod Saidjanov'ning rasmi

O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universitetida Xalqaro press-klubning Butunjahon matbuot erkinligi kuniga bag`ishlangan sessiyasi bo`lib o`tdi.  

Sessiyada Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktorining birinchi o`rinbosari Dilshod Saidjanov ham ishtirok etdi. U so`z erkinligi hamda ochiqlikni ta`minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so`zlab berdi.

«So`z erkinligi bu — har kim o`z fikrini erkin bayon etishi. O`zbekiston qo`shilgan xalqaro hujjatlar — Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi va Fuqarolik va siyosiy huquqlar to`g`risidagi xalqaro Paktda so`z erkinligi bilan bog`liq muhim fikrlar keltirilgan. So`z erkinligi — boshqa inson huquqlari kabi mas`uliyat va javobgarlik mavjud ekani. Ya`ni, har bir huquqning o`z mas`uliyatlari bor va u ma`lum cheklovlar bilan bog`liq bo`lishi ham mumkin.

Bu cheklovlar qonun va zaruriyatdan kelib chiqib belgilanadi. Ya`ni, shaxsning ichki hayoti, davlat, jamoat va sog`liq xavfsizligi hamda qadriyatlar himoyasi bilan bog`liq bo`lishi mumkin.

Afsuski, ko`pchilik huquqiy hujjatlarni o`qimay qo`ydi. Bo`lajak jurnalistlarga qarata shuni aytmoqchiman: axborot sohasidagi qonunchilik hajmi unchalik katta emas. Hujjatlar sanoqli va ularni puxta o`rganish kerak. Bu sohada ishlash uchun xalqaro va milliy qonunchilikni chuqur bilish lozim.

Men bu sohada 2009 yildan beri faoliyat yuritaman va shu bois yuz berayotgan o`zgarishlarga baho bera olaman. 2016 yilgacha bizda kuchli OAV yo`q edi. Hamma axborot ko`rardi, davlat asosiy axborot tarqatuvchi edi. O`sha paytlarda biz chet el OAV ta`sirida edik. Bugun esa vaziyat boshqacha — bugun jurnalistlarimiz va blogerlarimiz faoliyati kuchaydi hamda G`arb yoki boshqa chet el ommaviy axborot vositalari bu raqobatda yutqazdi.  

Agarda ochiqlik va so`z erkinligi kursi davom etmasa, axborot makonimizni yana boshqalarga berib qo`yishimiz mumkin. Shu bois 2019 yilda axborot xizmatlari faoliyati tiklandi. Maqsad — bo`layotgan o`zgarishlar, biror muammo haqida ob`ektiv munosabatni xalqqa ochiq etkazish.  

AOKA vakolatli davlat organi sifatida axborot xizmatlari faoliyatiga turlicha baho berishi mumkin, lekin ularga eng munosib bahoni jurnalistlar va blogerlar beradi».

    Boshqa yangiliklar