AsosiyJamiyat

"Mustaqil hayot sari ilk qadamlaringiz qutlug‘ bo‘lsin!"

Prezident maktab bitiruvchilariga tabrik yo‘lladi.

'"Mustaqil hayot sari ilk qadamlaringiz qutlug‘ bo‘lsin!"'ning rasmi

Qadrli farzandlarim!

Avvalo, siz, azizlarni hayotingizdagi bugungi unutilmas quvonchli voqea – maktab ta’limini muvaffaqiyatli tugatib, yetuklik shahodatnomasini qabul qilib olayotganingiz va mustaqil hayotga qadam qo‘yayotganingiz bilan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu shukuhli ayyomda mamlakatimizdagi 10 mingdan ziyod maktabda mehribon ustozlar, hurmatli ota-onalar ishtirokida “so‘nggi qo‘ng‘iroq”lar jaranglab, 450 ming nafardan ortiq bitiruvchi yoshlarimiz sha’niga ezgu tilaklar bildirilmoqda.

Barchamiz bu fikrlarga chin dildan qo‘shilgan holda, katta orzu-umidlar bilan kelajak rejalarini tuzayotgan o‘g‘il-qizlarimizga ularni amalga oshirishda ulkan kuch-g‘ayrat, omad va zafarlar tilaymiz.

Ayniqsa, maktabni oltin medal bilan bitirayotgan 11 ming 500 nafardan ziyod farzandlarimizga, 2 mingdan ortiq kumush medal sohiblariga o‘qish va izlanishda, jamoat ishlarida o‘z tengdoshlariga doimo o‘rnak va namuna bo‘lib kelayotganlari uchun alohida tabrik va tilaklarimizni izhor etamiz.

Aziz bitiruvchi yoshlar!

Bugungi kunda biz o‘z oldimizga qo‘yayotgan buyuk maqsadlarni amalga oshirishda butun xalqimiz qatori, bilimli, hunarli, tadbirkor va vatanparvar, har tomonlama yetuk yoshlarimizga tayanamiz.

Kelajagimiz egalari bo‘lgan navqiron avlodimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etishda katta bunyodkor kuch sifatida ishtirok etishi uchun zarur sharoitlarni yaratib bermoqdamiz. Jumladan, sizlarning zamonaviy ilm va kasb-hunarlar, ona tili bilan birga xorijiy tillar, IT va innovatsion texnologiyalarni, ijod va tadbirkorlik sohalarini puxta egallashingiz uchun hozirgi kunda 201 ta oliy o‘quv yurti, 598 ta texnikum, ko‘plab monomarkaz va texnoparklar, kutubxonalar, madaniyat, san’at va sport muassasalari samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ta’limning barcha bo‘g‘inlarida o‘quv-tarbiya ishlarining sifati va natijadorligini oshirish, bitiruvchi yoshlarimizga tanlov imkoniyatlarini kengaytirish uchun yangi-yangi tizim va dasturlar, elektron platformalar ishga tushirilmoqda.

Sizlar ana shunday beqiyos imkoniyatlardan oqilona foydalanib, yoshlik faslining oltinga teng har bir daqiqasini qadrlab, kelgusida Vatanimiz mustaqilligini, el-yurtimiz manfaatlarini barcha sohalarda dadil himoya qiladigan yetuk kadrlar, ongli va olijanob insonlar bo‘lib, xalqimizga sidqidildan xizmat qilasiz, deb ishonaman.

Shuni aslo unutmang, odamzot hayotda munosib o‘rin topishi, el-yurtning hurmati va e’tiboriga sazovor bo‘lishi uchun milliy va umuminsoniy qadriyatlarni egallab, doimo oldinga intilib yashashi, izlanish va o‘rganishdan aslo to‘xtamasligi kerak.

Halol va mashaqqatli mehnat, ilmga, kasbga, ota-ona va oilaga sadoqat, hech shubhasiz, insonni yuksaltiradi, uning hayotini fayzli va charog‘on etadi.

Ayniqsa, sizlar kabi navqiron, azmu shijoatli yoshlarimizga shiddatli zamondan ibrat olib, har kuni bir natijaga erishib, irodangizni sinovlarda toblab, faqat va faqat oldinga qarab borish yarashadi.

Aminman, sizlarning yangi g‘oya va tashabbuslaringiz, turli sohalardagi yutuqlaringiz Yangi O‘zbekistonni yanada qudratli etadigan moddiy va ma’naviy asoslarni barpo etishga beqiyos hissa bo‘lib qo‘shiladi.

Sizlardek o‘z kuchiga ishongan, qat’iyatli yoshlardan qadrdon maktabingiz, aziz ustozlaringiz va ota-onalaringiz, butun xalqimiz faqat ezgu ishlar va yorqin natijalar kutadi.

Ana shunday yuksak ishonchga doimo munosib bo‘ling!

Intilish, izlanish va yangilik yaratishdan aslo charchamang!

Mustaqil hayot sari ilk qadamlaringiz qutlug‘ bo‘lsin, aziz o‘g‘il-qizlarim!

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar

    'Samarqandda sher bolasini yashirgan fuqaro qo‘lga tushdi'ning rasmi

    Jamiyat Bugun 12:29

    Samarqandda sher bolasini yashirgan fuqaro qo‘lga tushdi

    Holatga huquqiy baho berish uchun tegishli hujjatlar viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda.

    'Vodiyda yer qimirladi'ning rasmi

    Jamiyat Bugun 09:34

    Vodiyda yer qimirladi

    Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan zilzila O‘zbekistonda sezildi.

    'Bugun harorat 38 darajagacha ko‘tariladi'ning rasmi

    Jamiyat Bugun 08:23

    Bugun harorat 38 darajagacha ko‘tariladi

    24 may kungi ob-havo ma’lumotlari e’lon.

    'Sirdaryoda kanalda cho‘kayotgan fuqaro qutqarildi'ning rasmi

    Jamiyat 23.05.2025 20:05

    Sirdaryoda kanalda cho‘kayotgan fuqaro qutqarildi

    Reyd tadbirlarini olib borayotgan FVB xodimlari reyd vaqtda fuqaroning cho‘kib ketayotganini ko‘rib qolgan.

    'Xorazmda metallolomga topshirilgan snaryad portlab ketgani aytilmoqda'ning rasmi

    Jamiyat 23.05.2025 19:49

    Xorazmda metallolomga topshirilgan snaryad portlab ketgani aytilmoqda

    Holat bo‘yicha Mudofaa vazirligi ma’lumot berdi.

    '"O‘zkosmos" Bosh prokuraturaga yordam beradi'ning rasmi

    Jamiyat 23.05.2025 17:55

    "O‘zkosmos" Bosh prokuraturaga yordam beradi

    Bosh prokuraturasi hamda "O‘zkosmos" agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.