O`zbekistondagi maktablarda ona tili va o`qish fani dars soatlari qisqartirilmagan holda birlashtirilib, yagona darslik joriy etiladi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi huzuridagi Respublika ta`lim markazi matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko`ra, shu paytgacha ona tili va o`qish fanlari alohida o`qitilgan. Endi esa ushbu ikki fanni birlashtirgan ona tili va o`qish savodxonligi deb nomlangan yagona fan dars soati saqlab qolingan holatda tashkil etiladi.
O`qish fani, asosan, badiiy uslubdagi, mavhum tushunchalarni tashiydigan matnlardan iborat edi. Yangi darslik uchun tanlangan matnlar va she`rlar esa bolaning ijtimoiy hayotga kirishib keta olishida ko`maklashadigan, ham badiiy, ham informativ, ham ilmiy-ommabop uslubdagi matnlardan iborat.
Amaldagi darsliklarda tinglab tushunish kompetensiyasini rivojlantirish uchun topshiriqlar ajratilmagan bo`lsa, yangisida bu kompetensiyasini rivojlantirish uchun har bir mavzuga alohida topshiriqlar ishlab chiqilgan.

O`qib tushunish kompetensiyasini rivojlantirish uchun ajratilgan topshiriqlar esa, asosan, matnda ochiq ifodalangan ma`lumotlarga, yoki didaktik elementlarga qaratilar edi. Endi esa darslikda o`qib tushunish kompetensiyasining barcha qismlarini qamrab oladigan savol va topshiriqlar bo`ladi.
«Shu paytgacha ona tilini o`qitishdan maqsad tilning grammatikasini o`rgatish, til strukturasiga oid qoidalarni yod oldirish edi. Yangi darslikda eng muhim qoidalargina qoldirilgan. Rang-barang tasvirlar va qiziqarli topshiriqlarga ko`proq urg`u berilgan», — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, yangi darslikda uyga vazifalar mavjud emas. Nutqiy mavzular asosida izchillikda bir-birini to`ldiradigan, o`zi izlanib topishga qaratilgan nostandart mashq va topshiriqlar ishlab chiqilgan.
O`qituvchilar uchun «O`qituvchi kitobi», o`quvchilar uchun esa «Mashq daftari» bo`ladi.





