Bugun, 18 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “O`zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasini birinchi o`qishda ko`rib chiqdilar. Bu haqda Oliy Majlis Oqnunchilik palatasi Axborot xizmati xabar qildi.
Ta`kidlanganidek, loyihada tadbirkorlik sub`ektlarini yanada qo`llab-quvvatlash, koronavirus pandemiyasining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta`sirini yumshatish hamda aholi daromadalarini oshirishga qaratilgan normalar o`z aksini topmoqda.
Qonun loyihasi bilan elektr dvigateli orqali harakatlanadigan avtomototransport vositalarini sotib olish va (yoki) O`zbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik olib kirish uchun yig`im to`lashdan ozod etilishi nazarda tutilyapti.
Shuningdek, Qoraqalpog`iston Respublikasi har bir shahar va tumanlarining o`ziga xos “o`sish nuqtasi” deb aniqlangan faoliyat yo`nalishlari bo`yicha yangidan tashkil etiladigan tadbirkorlik sub`ektlariga 2024 yil 1 yanvarga qadar foyda va suv soliqlari bo`yicha 50 foizlik imtiyoz berilmoqda. Tadbirkorlar berilgan imtiyozlardan oqilona foydalangan taqdirda soliqlardan iqtisod qilingan mablag` hisobidan faoliyatini yanada kengaytirish imkoniyati yaratiladi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi, koronavirus pandemiyasi holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta`sirini yumshatish hamda aholi daromadalarini ko`paytirishga, aniq sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-xuquqiy hujjatlarni tizimlashtirishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o`qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.






