Joriy yilning 19-20 may kunlari Transport vazirligida BAA aviasiya ma`muriyati vakillari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.
Transport vaziriligining ma`lum qilishicha, uchrashuvda ikki mamlakat o`rtasida fuqaro aviasiyasi sohasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish, parvozlar chastotasini ko`paytirish, yangi yo`nalishlarda aviaqatnovlarni yo`lga qo`yish masalalari atroflicha muhokama etildi.
Ikki mamlkat aviasiya ma`muriyati vakillari o`rtasida bo`lib o`tgan maslahatlashuvlar yakunlari bo`yicha quyidagi kelishuvlarga erishilgan:
FlyDubai aviakompaniyasi Dubay – Toshkent – Dubay yo`nalishida parvozlar chastotasini haftasiga 5 tadan 6 ta reysga oshirish;
Air Arabia PJSC aviakompaniyasi Sharja – Toshkent – Sharja yo`nalishida parvozlar chastotasini haftasiga 2 tadan 3 ta reysga ko`paytirish;
Air Arabia Abu Dhabi aviakompaniyasi esa Abu-Dabi – Toshkent – Abu-Dabi yo`nalishida parvozlar chastotasi haftasiga 2 tadan 4 ta reysga qadar ko`paytirildi.
Shuningdek, Wizz Air Abu Dhabi aviakompaniyasiga Buxoro va Urganch shaharlariga parvozlarni amalga oshirish huquqi berildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida konstruktiv muloqot va o`zaro manfaatli hamkorlikni qo`llab-quvvatlash borasida kelishib oldilar.






