Xabaringiz bor, O`zbekistonning turli mintaqalarida festival va konsert dasturlari o`tkazilmoqda. Misol uchun Andijonda yoshlar festivali, Namanganda gullar festivali, Buxoroda ipak va ziravorlar festivali. O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov o`zining telegram kanalida ushbu festivallar haqida gapirdi.
"Pandemiyaning uzoq muddat davom etgani yurtdoshlarimizning turli madaniy tadbirlarga bo`lgan ishtiyoqini oshirdi. Azaldan san`atsevar bo`lgan xalqimiz necha kundirki yana kuy-qo`shiq, quvonch va shodliklarga to`la zavqli lahzalarga guvoh bo`lmoqda. Butun O`zbekiston bo`ylab o`tkazilayotgan festival va konsert dasturlari vatandoshlarimizning ruhiyatini ancha engillatdi desak mubolag`a bo`lmaydi.
Ayni kunlarda Namanganda Gullar festivali, Buxoroda “Ipak vaziravorlar” kabi Xalqaro miqyosdagi madaniy tadbirlar ham ko`tarinki ruhda o`tayotganining guvohi bo`lyapmiz. Biz ham muxlislar olqishini, ularning samimiy tabassumi va iliq tilaklarini sog`ingan edik. Respublikamiz bo`ylab o`tkazilayotgan Yoshlar forumlarida yana diydor nasib etmoqda.
Forumning galdagi mezboni Sulton Jaloliddin Manguberdining vatani azim Xorazm bo`ldi. O`zining san`ati bilan dunyo xalqlarini lol qoldirgan bu go`sha odamlarining san`atga mehri bo`lakcha. Buni o`tkazilgan gala-konsert misolida ham ko`rish mumkin. Har bir qo`shiqdan bahra olib, har bir nolalarga jo`r bo`lib biz bilan birga kuylagan yoshlarning shijoati qalbimizga yoshlik ilhomlarini bag`ishladi. Xorazmcha navolar, Toshkent ohanglari, vodiy taronalariyu, surxon sadolari jarang sochgan bu maskan haqiqiy yoshlar bayramiga guvoh bo`ldi. Bir so`z bilan aytganda, Yoshlar forumlari minglab yoshlarni birlashtirdi.
Aslida tinch zaminga bayramlar yarashadi. Og`ir kunlarning ortda qolgani rost bo`lsin, bayramlar bayramlarga ulansin",–dedi Ozodbek Nazarbekov.