AsosiySUG'DIYONA

Taqdirini daholar bilan bog`lagan 7 ayol

Taqdir ularga daholarning turmush o`rtog`i bo`lishdek baxtni hadya etdi. Ularning shaxsiy hayoti boshqalar o`ylagandek silliq va oson kechmagan. Quyida sizga buyuk yozuvchilar, kompozitorlar, olimlarga turmushga chiqqan ayollar haqida hikoya qilamiz.

Elza Eynshteyn

Albert Eynshteynning ikkinchi va so`nggi rafiqasi, 17 yil birga yashashgan.

“Bu beso`naqay qomatli ayol hayotiy kuch-quvvatga to`la edi. U erining buyukligidan tom ma`noda faxrlanar va buni hech kimdan yashirmasdi”, deb ta`rif bergandi Charli Chaplin. Eynshteyn bilan umrguzaronlik qilish juda qiyin edi, chunki Eynshteyn har  doim u bilan baxtsizligidan ochiqdan-ochiq shikoyat qilar, alohida xonada uxlar va son-sanoqsiz ma`shuqalarga ega edi. Ammo shuncha gapga qaramay, buyuk fizik undan ajrashishni xayoliga ham keltirmagan, hattoki ma`shuqalaridan biriga uchalasi birga yashashni ham taklif qilgan deyishadi. Elza daho ham adashadi deb uni doimo kechirib kelgan. Vafodor ayol so`nggi nafasigacha Eynshteyn bilan birga bo`lgan. Elzaning o`limiga Eynshteyn aza tutmagan, ammo boshqa uylanmagan.

Konstansa Mosart

Bastakor Volfgang Amadey Mosartning yagona turmush o`rtog`i, 9 yil birga yashashgan.

Konstansaning Mosart bilan qurgan turmushi faqat janjal-to`polon, falokatlar bilan kechgan. Qashshoqlik, kasallik, ochlik, turli ko`ch-ko`chlar ularning doimiy hamrohi bo`lgan. Konstansa dunyoga keltirgan olti farzandning to`rttasi olamdan o`tgan. Ba`zi bir tarixchilarning yozishicha, Konstansa beg`am, engiltabiat ayol bo`lgan, uni hatto xiyonatda ham ayblashgan. Ammo aynan shu ayol erining birinchi tinglovchisi, tanqidchisi bo`lgan va uning barcha asarlarini yoddan bilgan. Bastakor olamdan o`tganda Konstansa 29 yoshda bo`lgan, keyinchalik u boshqa odamga turmushga chiqqan va Mosart haqida kitob yozgan. Ammo bu kitob ma`lumotlar noto`g`ri berilgan deb tarixchilarning tanqidiga uchragan.

Natalya Goncharova

Yozuvchi va shoir Aleksandr Pushkinning yagona turmush o`rtog`i, 6 yil birga  yashashgan. 

Ko`pchilik tarixchilarning fikricha, aynan Natalya Goncharova buyuk shoirning o`limiga sababchi bo`lgan. Aleksandr Sergeevichning sevgilisini ular “kallasi bo`m-bo`sh qo`g`irchoq”, maishatni yaxshi ko`radigan, Dantes bilan don olishgan ayol sifatida ta`riflashgan … U aslida ham shunaqa ayolmidi? “Mening kimligini faqatgina Yaratgan egam biladi va sanoqli odamgina qalbimga yo`l topa oladi”, — degandi yoqimtoy, odamovi Goncharova. Pushkin bilan yashash og`ir edi, u ko`p qarz olar, pullarini qartada yutqazar edi. Goncharova akasiga yozgan xatlarining birida shunday degandi: “Biz shunchalik tang ahvoldamizki, uyimizda hech nima yo`q, nima qilishga ham hayronman”. U o`zini ayamas, erining ahvolini engillashtirishga, ijod qilishiga imkon yaratib berishga harakat qilardi.

Pushkin olamdan o`tganda 25 yoshli Natalya ayriliqdan telba bo`lish darajasiga etgan. U uzoq vaqt farzandlari bilan xotiralarga berilib yashagan. Oradan etti yil o`tgach, boshqa odamga turmushga chiqqan.

Sofya Tolstaya

Lev Tolstoyning yagona turmush o`rtog`i, 48 yil birga yashashgan

Sofya butun borlig`ini “rus adabiyoti” ga bag`ishlagan edi. U eri buyurgan barcha ishlarni jon-dili bilan bajarar, molga, bolalarga, dehqonlarga qarar, Lev Tolstoyning qo`lyozmalarini oqqa ko`chirar, tahrir qilar, xatolarini tuzatardi. Sofya uchun eri “butun dunyo” edi. “Sensiz menga dunyo qorong`i, ba`zan faqatgina sen yaxshi ko`rgan narsalarnigina yaxshi ko`rayotganday tuyuladi menga”, derdi u eriga. Tolstoy esa yillar o`tgan sari undan uzoqlashaverdi, Sofya homilador bo`lishiga qaramay dalada ishlashga majburlar, rashk qilishni taqiqlar, so`zsiz itoat etishni talab qilardi. Sofya kundaligida o`zini eriga qurbon qilganligi haqida shunday deb yozgandi:

“Men – lazzat manbaiman, men – enagaman, men – oddiy mebelman, men – ayolman...” 

Ular tinimsiz janjallashishar, Tolstoy o`limi oldidan esa uydan chiqib ketgandi. Sofya o`zini suvga tashlab, cho`ktirmoqchi bo`lganda, qutqarib qolishgan. Vafodor ayol erining o`limidan keyin to`qqiz yil umr ko`rgan.

Anna Dostoevskaya

Yozuvchi Fyodor Dostoevskiyning ikkinchi va so`nggi rafiqas, birga 14 yil yashashgan

Anna Dostoevskaya Fyodor Mixaylovich uchun rafiqasi, do`st, hammaslak, haqiqiy suyanchiq bo`lgan. Yozuvchining og`ir fe`l-atvori, kasalligi, qimorga bo`lgan ishtiyoqi, qashshoqligi, qarzdorligi Annani cho`chitmagan, balki u erining hayotini ijobiy tomonga o`zgartirishga harakat qilgan. U o`z his-tuyg`ulari haqida shunday deb yozgan:

“Uning jufti haloli bo`lish haqidagi orzum ro`yobga chiqdi, endi men uning qiyinchiliklariga sherik bo`lishim lozim. Fyodor Mixaylovich ishonganim, pirga aylandi, men bir umr unga tiz cho`kib, sig`inishga tayyorman. Anna nafaqat erining romanlarini stenografiya qilgan, balki ularni qayta ko`chirib, tahrir qilgan, kitoblarini nashr qilib, o`zi sotgan. O`sha paytlarda kitob sotish ishlari yo`lga qo`yilmagan edi. Anna ilk tadbirkor ayollardan biriga aylandi. Fyodor dostoevskiy vafot etganda Anna 35 yoshda bo`lgan. U qayta turmush qurmay, hayotini yozuvchining oltin merosini asrashga bag`ishlagan.

Valentina Brodskaya

Rassom Mark Shagalning ikkinchi va so`nggi rafiqasi, 33 yil birga yashashgan.

Agar Mark Shagalning birinchi rafiqasi rassom uchun ilhom parisi hisoblangan bo`lsa, ikkinchi rafiqasi Valentina menejeriga aylangan. Hech kim yozuvchining ijodiga valentinachalik katta e`tibor bermagan. Valentina, uni rassom Vava deb atagan, suratlarni sotib, katta daromad egasiga aylanish uchun erining ijod qilishiga barcha sharoitni yaratib bergan. Kuchli, irodali va qat`iy Vava rassomni ruhan ezib, suratlarida yahudiylar mavzusini aks ettirmaslikka, bolalari va yaqinlari bilan aloqa qilmaslikka majbur qilgan. Valentina turmush o`rtog`i vafot etgandan sakkiz yil keyin olamdan o`tgan.

Mariya Sossani

Shoir va hikoyanavis Iosif Brodskiyning yagona rafiqasi, 6 yil birga yashashgan

Tomirida italyan va rus qoni oqayotgan bu ayolni shoir o`limidan bir necha yil oldin uchratgan. “Men — Iosifman, u esa — Mariya. Balki birga bo`lsak, baxtli bo`larmiz”, — derdi  Brodskiy jilmayib. Ular olti yil baxtli hayot kechirishdi, Sossani shoirga nafaqat do`st va hamkor bo`la oldi, balki unga Anna ismli qizaloqni ham hadya etdi. Mariya Sossani-Brodskaya erini har tomonlama qo`llab-quvvatladi, loyihalarini amalga oshirishda ham yordamini ayamadi. Erining o`limidan keyin esa uning merosini asrab-avaylashda davom etdi.

 

    Boshqa yangiliklar