1

Yuragimda saqlaganlarim: “Qo`lim egri— boshim egik”

Mutolaa 16.03.2016, 12:05
Yuragimda saqlaganlarim: “Qo`lim egri— boshim egik”

Yaqindagina 22 bahorni qarshi oldim. Ammo ortimga nazar solib shu o`tgan yillarni tahlil qilar ekanman, qalbim afsus-nadomatga to`ladi. Yuragimni tub-tubida saqlanib, menga azob berayotgan dardlarni kimga aytishni bilmay qiynalaman...

Men qishloqdagi havas qilgulik insonlar xonadonida tug`ildim. Oilada ikkinchi farzandman.  Opam turmushga chiqib ketgan. Ukam va singlim bor. Otam tuman pensiya bo`limida ishlaydi. Men bilgan insonlarim ichida otam eng mehribon, to`g`riso`z va halol inson. Ularning birovga qattiq gapirganlarini hech qachon eshitmaganman. Onam esa  biroz qatiqqo`l.  Esimda maktabda o`qib yurgan kezlarimizda otam sal ko`proq pul berib yuborsalar:

— Namuncha erkalatmasangiz? Pulga o`ch qilib qo`yasiz bolalarni, - derdilarda, ular bergan pulni yarmini olib qo`yardilar. 

Biror ayb ish qilib qo`ysam ham ko`proq otamdan emas, balki onamning tanbehlaridan qo`rqardim.  

Otam har doim ko`nglimga qarardilar. Qancha pul so`rasam, o`shancha berardilar.  

Maktabni tamomlab, qo`shni tumandagi kollejga o`qishga kirdim.  Otam meni ikki tuman orasida qatnab, qiynalmasligim uchun o`sha tumanda yashaydigan do`sti-amakimnikiga ijaraga qo`ydilar. Amakim tadbirkor edi. Uyi yaqinida do`kon, choyxona ochib oilaviy u erda ishlashardi. O`qishdan bo`sh paytlarim men ham  ularga yordam bera boshladim.  Ishlar kundan kunga rivojlanib boraverdi.   Bora-bora o`qishga borishga vaqt topa olmay qoldim.  Yo`q, amakim meni majburlagani uchun emas, o`zimda o`qishga bo`lgan ishtiyoq bo`lmagani uchun ham borgim kelmasdi.  O`qituvchilarim bir necha bor o`qishga bormasam, fanlarni o`zlashtira olmay qolishim mumkinligini, baholarim pasayib ketishini tushuntirishdi. Ammo qulog`imga gap kirmasdi. Baribir o`z bilganimdan qolmadim. Kunlar shu taxlit o`taverdi. Bir kuni kollejdagilar meni chaqirtirishdi.  Juda ko`p dars qoldirganim uchun meni kursdan kursga qoldirishmoqchi ekanliklarini eshitib dunyo ko`zimga qorong`u bo`lib ketdi: Ota-onam meni o`qishga kirgizgunlaricha ozmuncha harakat qilishdimi?  Ularning mendan umidlari katta. Kollejni bitirib, universitetga kirishimni, katta odam bo`lishimni orzu qilishadi.  Men esa kursdan kursga qolib o`tirsam. Yo`q, bunaqasi ketmaydi. Nima qilishni o`ylab boshim qotdi. Shunday kunlarning birida guruh sardori jonimga oro kirdi. Menga o`xshagan bir-ikkita talabalar bunday vaziyatdan qanday chiqib ketganliklarini aytib berdi. Iloji bor, faqatgina buning uchun yaxshigina pul kerak ekan. Menda esa buncha pul yo`q. O`ylay-o`ylay, oxiri amakimdan so`rab turishga qaror qildim. Axir, ularga yordam beraman deb, o`qishim qolib ketdiku! Yo`q demasalar kerak. 

Uyga qatsam, amakim hovlidagi tancha ustida choy ichib o`tirgan ekanlar. Salom berib, sekingina yonlariga o`tirdim-da gap boshladim:

— Amaki, menga ozroq pul kerak bo`lib qoldi. Agar shu pulni bersam, meni o`qishdan chetlashtirishmaydi. O`zingiz bilasiz, uydagilarning mendan umidlari katta.  Otamdan pul so`ray olmayman. To`g`risi ularga shuncha payt dars qoldirganimni aytgim kelmayapti.  

Amakim o`qishga bormaganim uchun meni koyigan bo`ldilarda, “mayli pul beraman” dedi.

Shunday qilib, birozdan so`ng muammolarimdan xalos bo`ldim. Hali tin olib ulgurmasidan ikkinchi muammo eshik qoqdi: amakimdan olgan qarzimni qaytarish muammosi.   Men ularnikida ishlaganim uchun oylik berishmaydi.  Dadamdan so`rasam yo`q demaydilar, ammo ularga dars qoldirib, ustiga-ustak amakimdan qarz bo`lib qolganimni aytishga yuragim betlamasdi.  

Hafta so`nggida dam olish kuni uyga bordim. Uydagilar kelishimni bayramdek kutib olishdi. Onam turli tuman ovqatu shirinliklar tayyorlagan,  go`yo  “o`qiyverib”   toliqqan   erkatoyini o`tqazishga joy topa olmas edilar.  Men esa ularning ishonchini oqlamaganimdan ich-ichimdan ezilardim.

Miyamda faqat bir o`y aylanardi. Qanday qilib bo`lsa ham pul topib, amakimdan olgan qarzimni qaytarishni haqida o`ylardim.  Ichkari uyda otam pensionerlarga tarqatishi kerak bo`lgan pul turardi. Beshtalar chamasi qopdagi pul, ko`zimga misli ko`rilmagan boylik bo`lib ko`rinib ketdi. “Mana shu puldan ozgina olib turaman”.  Shu payt xayolimga kelgan fikrdan cho`chib ketdim: Bunday qilish mumkin emas. Bu birovning haqqi, axir. Ammo  bu shaytoniy fikr meni tobora o`ziga bo`ysundira boshladi:  Bu erda pul ko`p. Har bir qopdan ozgina ozginadan olsam sezilmaydi.  Shunday qildim ham. Amakimga berishim kerak bo`lgan pulni oldim-da hech narsa bo`lmagandek, sumkamga solib qo`ydim. Ertasi kuni esa o`qishimga ketdim. Men ketganimdan keyin otam uydagi pullarni ishxonasiga olib borib, pensionerlarga tarqatishlari kerak bo`lgan. Pullarni qayta-qayta sanab chiqishsa ham kam chiqavergan. Otam “Menga kam pul beribsizlar” deb ishxonadagi hamkasblari bilan janjallashib qolibdilar. Ular esa hech narsaga tushunmay hamma aybni otamga to`nkashibdi. Xullas, men olgan o`sha pullarni otamning oylik maoshidan ushlab qolishadigan bo`lishibdi.  Menga esa bundan keyin ham aql kirmadi. Uyga har safar kelganimda otam tarqatishi kerak bo`lgan pensiya pullaridan o`marishda davom etaverdim.  Bu pullarni qimmatbaho kiyim-kechaklar, telefondagi behuda suhbatlar uchun sarflardim.  Ota-onam pullar qayoqqa ketayotganini bilmay halak.  

Axiyri bir kun sirim ochildi. Pullardan men olayotganimni otam bilib qoldilar. Ularning o`sha kungi yuz ifodasi hamon esimda. Otamni hech qachon bu ahvolda ko`rmaganman.  Ulardan shu kuni umrimda eshitmagan haqoratli so`zlarni eshitdim. Bular ham etmaganday otam meni o`lasi qilib kaltakladi.  Ukam o`rtaga tushib ajratib qolmaganida bilmadim nima bo`lardi.  Bilaman, qilgan ishim uchun menga bu ham kam.  Onam mendek notavonni dunyoga keltirganlari uchun  o`zlarini la`natlar, “Bizni el-yurtga sharmanda qildi” deb yig`lardilar. Xullas, ota-onamdan o`sha kuni yomon qarg`ish eshitdim. 

Tayyor puldan o`g`irlab o`rganib qolgandim. Na ishlashga, na o`qishga xohishim qolmagandi. O`g`irlik qilish yomon odat ekanligini ich-ichimdan his etib tursam-da,  o`zimni to`xtatolmasdim. Tana-dashnomlar egan kaltaklarim ham tas`sir qilmadi. Hattoki ulardan keyin ham bir necha marta uyimdan pul o`g`irladim. Ota-onam bilib qolishib, “Sen odam bo`lmaysan” deb yana tanbeh berishdi. Koshki ulardan ijobiy tomonga o`zgarsam. Pulni ko`rsam o`g`irlamay qo`ymasdim. Bir kuni uydagilar qo`shni tumanda yashaydigan opamnikiga mehmondorchilikka ketishdi.  Uydagilar meni yana eski odatini takrorlamasin deb, pullarni  uyimizdagi seyfga solib, xonani qulflab ketishibdi. Uyda pul borligi undan bemalol olishim mumkinligi to`g`risidagi xayollar menga tinchlik bermasdi. Omborga tushib, asbob-uskunalar turadigan eski qutichadan omburni oldim-da, deraza oynasi chetiga mahkamlangan mixlarni bo`shata boshladim.  Oynani olib pastga qo`ydim-da, derazaning kichkina  ko`zidan ichkariga sakrab tushdim.  Ichkaridan seyfning kalitini qidira boshladim.  Biroz uyni tintib, kalitni topdim-da, seyfni ochib puldan yana o`g`irladim.  Keyin yana hech narsa bo`lmagandek, deraza oynasini joyiga mahkamlab qo`ydim. Uyimdagilar pulga yana teginganimni oradan ikki kun o`tib bilishdi. Yana tanbehlar, kaltaklar  takrorlandi.  Otam meni heya qachon odam bo`lmasligimni aytdi, onam mendek farzandni  qaysi gunohlari uchun berilganimni so`rab xudoga nola qilar, tinmay eng qo`rqinchli qarg`ishlar bilan koyirdilar. 

Shu orada kollejni ham tamomladim. Tengdoshlarimning ayrimlari o`qishni universitet-u, institutlarda davom ettirishar, ayrimlari mutaxasisliklari bo`yicha  ish topib, ishlay boshlashdi. Meni esa hech ham ishlarim yurishmasdi.  Bularning bari  sababi ota-onamdan qarg`ish olganim uchun bo`lsa kerak.

Biz quduqdan suv tashib ichamiz. Kunlardan birida quduqqa suv olgani bordim. Ikki chelak suvni ko`tarib, uyga qaytayotganimda bexosdan yiqilib ketdim. Birpasda qo`lim shishib, og`riy boshladi. Otam darhol viloyat markazidagi shifoxonaga olib borib, qo`limni gipslatib keldilar.  Olti oy gipsda yurganimdan so`ng, yana shifoxonaga bordik. Meni tekshirgan shifokor gipsni olib tashlamoqchi bo`lib uni echdi-da, attang degandek bosh chayqadi. O`tgan olti oy ichida qo`lim  tuzalmagan ekan. Yana qaytadan gipslab qo`yishdi.  Ota-onam meni olib yugurmagan joylari qolmadi. Lekin qo`lim tuzalay demasdi. Undan keyin ustma-ust ikki marta jarrohlik amaliyotini boshimdan o`tkazdim. Birinchi marta ko`richak bo`ldim, ikkinchisida esa umurtqa pog`onasidagi disk churrasidan  davolandim.  

Men ota-onamdan qarg`ish olganim, nomaqbul ish qilib ularni boshini xam qilganim uchun mana shu dardlarga mubtalo bo`ldim deb o`ylayman.  Ulardan ming bor uzr so`rayman. Meni kechirishsin. Otam har safar kechirim so`raganimda “kechirdim” deydilar, ammo baribir ularning oldida ularni gunohkor his etaveraman.  Shuni ham aytib o`tishim kerakki, men  ko`p marta xolam, ammam va yana boshqa qarindoshlarimnikiga borib, ular yo`qliklarida uylariga qarab turganman. Ammo biron marta ham ularning uylaridan biror narsa o`g`irlamaganman. Menda bunday istak hech qachon bo`lmagan ham. Ammo o`z uyimda turgan pulni ko`rsam, undan hech kimga sezdirmay olib qo`ygim kelaveradi. Bu ishning noto`g`ri ekanligini his etib tursam-da, o`zimni to`xtatish qo`limdan kelmayapti. Nima qilishni ham bilmay qoldim, to`g`risi. Ayni damda  mutaxasis yordamiga judayam muhtojman. Menga maslahat bering,  yomon odatimdan qanday xalos bo`lay?

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1