AsosiyErkin minbar

"Deputatning ishi uyma-uy yurib oziq-ovqat tarqatish emas" – jamoatchilik bunga nima deydi?

'"Deputatning ishi uyma-uy yurib oziq-ovqat tarqatish emas" – jamoatchilik bunga nima deydi?'ning rasmi

Deputatlar haqida yozishga to`g`ri kelganda, plyuralizm avjiga chiqadi. Kimdir deputatni yomonlasa, boshqasi uni qahramoni sifatida olqishlaydi. Biroq deputat deganda maqtaydigandan ko`ra, lab burayotganlar ko`proq topilayapti. Sabab nimada? Albatta yaxshi deputatlar yo`q emas, ammo... nimadir etishmayaptida bu tizimda. Ana o`sha nimadirni qidirib bir qancha kishilardan fikr so`radik: deputatlarga asqotsin uchun. Muddaomiz aslo tanqid emas, tahliliy fikrlar va takliflardan har bir deputat o`zi izlagan savolga javob olishi, so`ng ba`zi kamchiliklarini tushungan holda o`zini isloh etishini maqsad qilganmiz. 

Dastlabki so`rovimiz uy-ro`zg`or, mol-hol, bola-chaqadan ortmayotgan qishloq kishilari bilan bo`ldi. Ishonasizmi, deputatni kimligi, uning nima vazifa bajarishini tushunmayotganlar bor. O`ndan ortiq avom kishilar deputatni saylov paytida turli va`dalar berganligiyu, deputat qaysidir vaqtda saylanadigan «rasmiy shaxs» ekanligiga urg`u berdi. Saylov oldidan ba`zi nomzodlarning xalq bilan munosabatini kuzatamiz, ularni maishiy muammosini hal etishni va`da berishadi. Aslida buni qilolmasligini biladi, ammo xalqni aldashni hali saylanib ulgurmay boshlab yuborishadi. Kichik tadqiqotimizda (10-15 nafar yo`lovchi bilan suhbatlashildi) 2 fuqaro deputatdan muhimroq tashvishi borligi, «keraksiz» savollar bilan boshini qotirmasligimizni tayinladi. Davlatni boshqarishda ishtiroki kutilgan xalq vakillari bu mavzuni eng oxirgi darajaga qo`ymoqda. Aholida huquqiy savodxonlik etishmayapti. Aslida bu dahshatli?

Ikkinchi tarafni eshitsangiz uni ham gapida jon bor: ba`zi deputatlar erkinlik, vakolat kamligidan noliydi. Bu masalaga oydinlik kiritish uchun soha mutaxassisi, siyosiy fanlar doktori, professor Muqimjon Qirg`izboevga yuzlandik, ular aslida bu deputat faoliyati uchun eng muhim jihat ekanligini ta`kidlab o`tdi:

– Parlamentarizmga doir nazariyalar klassiklari fikridan ko`rinib turibdiki, parlamentning o`z funksiyalari va vakolatlarini amalga oshira olish garovi – bu deputatlarning mustaqilligi, o`z qarashlari va nuqtai nazarini erkin ifoda eta olish qobiliyati, uning mustaqil siyosiy faoliyati uchun barcha shart-sharoitlarning yaratilganligi hisoblanadi. Agar deputatning nomzodi ijroiy hokimiyati tuzilmalari ta`siri, yoki kuchsiz siyosiy partiya tomonidan ko`rsatilgan bo`lsa, u holda nafaqat deputatning xatti-harakati, balki parlamentning faoliyati deklarativ xarakter kasb etadi. Shuning uchun rivojlangan mamlakatlarda saylovchilar va siyosiy partiyalarning deputatlikka nomzodlar izlash va ularni tayyorlash mexanizmlari mukammal tarzda shakllantirilgan.

Deputatlikka nomzodni saylov okrugidagi fuqarolar o`zlarining vakili sifatida, qonun chiqaruvchi hokimiyatda o`z manfaatlarini ifodalashi uchun bir necha nomzodlar ichidan birini saylaydi. Bu degani deputat dastavval o`z saylov okrugining ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy holatini o`z xatti-harakatida namoyon qiladigan xalq xizmatkoridir.. Shu sabab deputat doimiy ravishda o`z saylov okrugi bilan aloqada bo`lishi, saylovchilarni  qabul qilishi, o`z nomzodini ko`rsatgan siyosiy partiya bilan muntazam ravishda bog`lanib turishi shartlidir. Deputat doimo o`zini nomzodini ko`rsatgan partiyaga bog`liq bo`lgan holda faoliyat yuritadigan shaxsdir. U o`zining xatti-harakati to`g`risida parlamentdagi partiya fraksiyasi oldida hisobot berib boradi, partiya intizomini saqlaydi, partiya dasturi va mafkurasiga amal qiladi, undagi g`oyalar va konseptual maqsadlarni qonunlarda ifodalanishi uchun harakat qiladi.

Yana suhbatdoshimiz deputatning daxlsizligi, qonuniy huquqlarini ham sanab o`tdilar. Qonuniy huquq va erkinlik berilgan ekan, nega yaxshi natija ko`rinmayapti? Bugungi kunni deputati qanday bo`lishi kerak?.. Shu kabi savollar bilan jurnalist, Sherzod Tilovberdievga yuzlandik: 

– Deputat xalq noibi, xalqning  dardini eshitadigan, uni Parlamentga olib chiqadigan inson. Bugun bizning mamlakatimizda deputatlar o`z vazifalarini qay darajada bajarishmoqda? Bu savolga javob berar ekanmiz, afsuski ko`pchilik deputatlarimiz faqat qo`l ko`tarib, biron bir qarorni tasdiqlashdan narigi o`tmayotganligini kuzatamiz. Mahalliy kengashlardagi deputatlarning jamoatchilik asosida ishlashi hamda Kengash raislari lavozimiga Ijro hokimiyatidan ya`ni shahar, tuman hokimlarining tayinlanishi ham deputatlarning chin ko`ngildan va mustaqil faoliyat yuritishiga to`sqinlik qilayotgani ayni haqiqat. Mahalliy kengashlarning raisligiga Ijro hokimiyati vakilini tayinlashni bartaraf etilishi deputatlarga keng yo`l ochadi. Bundan tashqari, har bir deputat yuragidagi qo`rquvni yo`qotishi kerak. Uning daxlsizligi qonun bilan mustahkamlab qo`yilgan. Shunday ekan har qanday mansabdor deputat oldida hisobdor ekanligini deputatning o`zi yaxshi bilib olishi kerak.

Maktab rahbarlari deputatni qanday bo`lishi kerak deb hisoblayapti, aniqroq taklifni Ohangaron shahridagi 2 umumta`lim maktabi direktori Muyassar Aynakulovadan tingladik: 

–Bugungi kun deputatidan biz adolatli bo`lishini kutamiz.  Deputat tanish bilishlik, urug`chilikka yo`l qo`ymasligi shart. Yana u xalq ichida va xalq dardi bilan yashasin. Kelajakni ko`ra biladigan, saviya va shaxsiy fikriga ega, har bir masalaga jiddiy yondashadigan, muammoni echimi bilan ko`rsata oladigan bo`lsin. O`zgalar fikri bilan ish qiladigan deputat hech qachon xalq ichida hurmatga sazovor bo`la olmaydi. 

Navbatdagi suhbatdoshimiz, rus tili fan o`qituvchisi Alisher Komilxonov deputat qanday bo`lishi kerakligiga o`z tavsiyalarini berib o`tdi:

– Fikrimcha, deputat quyidagi xususiyatlarga ega bo`lishi lozim: O`qimishli. Albatta oliy ma`lumotli bo`lishi shart emas – dunyoqarashi keng, qonunchilikni yaxshi biladigan va eng muhimi, konstitusiyani mukammal o`rgangan;

Demokrat. Bu ibora ichida odamgarchilik, bag`rikenglik, o`z shaxsiy manfaatlarini jamoa (shahar, viloyat va respublika miqyosida) manfaatlaridan ancha, ancha va ancha past qo`yadigan;

Muloqot va tanqid uchun ochiq, ma`naviy etuk. Ya`ni, turli illatlar: ichkilik, ma`naviy buzuqlik, ichiqoralik kabilarga engilmagan;

Qat`iylik. Saylovchilarining ishonchlarini oqlash uchun qonunchilikka, adolat mezoniga qat`iy rioya etadigan.

Ob`ektivlik. Katta va dolzarb muammolar turganda mayda, bo`lar-bo`lmas yoki shaxsiy adovatga asoslangan tartibda davlat muassasalari, tashkilotlari ishini tekshiravermaydigan.

Liberallik. Elektorat fikriga quloq tutish. Fuqarolarning yozma va og`zaki murojaatlari bo`yicha amaldagi qonunchilikka asosan ish yuritadigan, o`z biznesiga deputatlikni aralashtirmaslik;

Lobbiga moyilligi yo`qligi. Biron bir siyosiy, ijtimoiy va boshqa kuchlar ta`siriga uchmaydigan, bir tomonlama ish yuritmaydigan;

Nima deb o`ylaysiz, bunday deputatlar bormikan? Fuqaroning so`nggi taklifida aytilganidek, ba`zi deputatlar lobbistga aylanib ulgurgan. Xalq manfaatidan ko`ra, qaysidir «qo`li baland» kishilarning foydasini ko`zlab ish qiladi. O`zi bilgan, bilmagan holda amaldorlarga xizmat qilayotgan deputatlar bor... 

Deputatlar haqida omma oldida salbiy yoki ijobiy qiyofani yaratuvchi kishilar jurnalistlardir. Matbuot kuchini 3 ming askardan qudratli baholagan Napoleon haqiqatini tushunish kerak. Albatta, ishlaydigan, xalq uchun yonib-kuyadigan deputatlarimiz bor. Lekin ular qilayotgan ishini ko`rsatib berolmaydi, yaxshi PRga muhtoj. PR ikki tarafning o`zaro samarali, foydali muloqotga kirishishiga ko`maklashadi. PRda oltin qoida bor: sevdirish. Ammo, sohaning boshqa mashhur vakillari aytishadiki, sevdirishga arzirli kontent yaratish kerak. Bundan kelib chiqadiki, deputatlarimizni o`zlari yaxshi bo`lsinlar va yaxshi PR usullaridan foydalansinlar.

«Saylov yaqinlashganda ular harakatga tushib qolishadi», «Deputatlar uyquda»... kabi salbiy fikrlarni omma ongiga singdirganlarga shunday ish ko`rsatish kerakki, o`zlari bu fikrni iste`moldan chiqazib yuborishsin. Buning uchun deputat tinmay izlanishi, xalq fikrini ba`zan qarshiliklar bo`lsada qo`llab quvvatlashi... ishlashi kerak. Homiylar jalb qilib mahsulot etkazish, uyma-uy yurib oziq-ovqat tarqatish deputatni ishi emas. U hukumatga etkazsin, o`sha xalqni qashshoqlashtirayotgan sabablar nimada? Nega boqimandalik kayfiyati uyg`ondi aholida? Bir so`z bilan aytganda, o`sha ibratli naqlga amal qilsinlar. Baliq tutib bermasin, qo`liga qarmoq bersin, baliq tutishga sharoit yaratib berishlarini talab qilsin.  

Bugungi kun deputati o`zgarishni hozirdan boshlashi kerak.  Shu ketishda bo`lsa, partiyalar va ayrim deputatlar siyosat maydonini sharmandalarcha tark etishiga to`g`ri keladi...

Madina ABDUSAMATOVA, jurnalist

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar