AsosiyJamiyat

Vaziyat keskinlashdi. O`zbek-afg`on chegarasi orqali fuqarolarni o`tkazish to`xtatiladi — SSV

'Vaziyat keskinlashdi. O`zbek-afg`on chegarasi orqali fuqarolarni o`tkazish to`xtatiladi — SSV'ning rasmi

Sog`liqni saqlash vazirligi va qator manfaatdor tashkilotlar taklifiga ko`ra, Respublika maxsus komissiyasi Afg`oniston Islom Respublikasida koronavirus infeksiyasi bilan bog`liq epidemiologik vaziyat keskinlashayotganligini inobatga olib, o`zbek-afg`on Davlat chegarasi orqali fuqarolarning harakatlanishini vaqtincha to`xtatishga qaror qildi. Bu haqda vazirlik Axborot xizmati xabar qildi. 

Shu bilan birga, Afg`oniston Islom Respublikasi fuqarolariga turistik vizalar berishni hamda turistik firmalardan viza talabnomalarini qabul qilish vaqtincha to`xtatiladi.

Bunda “Termiz-avtoyo`l” chegara o`tkazish punkti orqali quyidagi toifadagi fuqarolar va transport vositalarining harakatlanishiga ruxsat beriladi:

-diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalar va xalqaro tashkilotlar xodimlari hamda ularning oila a`zolariga;

-xalqaro yuk tashish bilan shug`ullanuvchi haydovchilarga;

-o`z yurtiga qaytayotgan O`zbekiston Respublikasi va Afg`oniston Islom Respublikasi fuqarolariga.

Shuningdek, “Termiz-avtoyo`l” chegara o`tkazish punkti orqali O`zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan shaxslar tomonidan o`tkazish punktida faoliyat yuritayotgan maxsus klinika yoki laboratoriyalarda koronavirus infeksiyasi antigenini ekspress test tekshiruvi orqali manfiy natija qayd etilgan taqdirda O`zbekiston Respublikasi hududiga kiritiladi.  

Koronavirus infeksiyasiga musbat natija aniqlangan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari  esa tegishli hududda joylashgan maxsus klinikalarga davolash uchun yuboriladi.

Koronavirus infeksiyasiga musbat natija aniqlangan chet el fuqarolari esa O`zbekiston Respublikasi hududiga kiritilmaydi.

Bundan tashqari, sinov tariqasida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan O`zbekiston Respublikasiga chegara o`tkazish punktlari orqali kirib kelgan barcha shaxslardan, respublika hududiga kirib kelganlaridan so`ng 7-kuniga qadar koronavirus infeksiyasiga polimeraza zanjirli reaksiya tekshiruvini o`tkazish va bunda test xarajatlarini Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan qoplash tizimi joriy etiladi.

 

    Boshqa yangiliklar