O`zbekistonda bu gal ham asosiy stavka 14 foiz darajada qoldirildi. Bu Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani o`zgarishsiz qoldirish bo`yicha joriy yil boshidan buyon qabul qilgan to`rtinchi qaroridir. Aniqrog`i, 21 yanvar, 11 mart va 22 aprel kunlari bo`lib o`tgan yig`ilishlarda ham shunday to`xtamga kelingan edi. Bazaviy inflyasiya darajasi pasayuvchi trendga o`tgan bir sharoitda nega bunday qarorga kelindi?
Markaziy bankdan ma`lum qilishlaricha, ayrim tovar guruhlari bo`yicha narxlar o`sishi yuqori darajada saqlanib qolayotgan, iqtisodiy va investisiyaviy faollik jadal sur`atda tiklanayotgan hozirgi sharoitda yil yakuniga qadar inflyasiyaning prognoz ko`rsatkichlariga erishish va iqtisodiyotni qo`llab-quvvatlash vazifalari o`rtasidagi muvozanatni ta`minlash maqsadida shunday qarorga kelindi.
TAXMINIY NATIJAGA QAY DARAJADA ERIShA OLYaPMIZ?
Markaziy bank yil boshida inflyasiya 2021 yil yakunlari bo`yicha bir xonali songa tushishini ma`lum qilgandi. Ya`ni bazaviy prognozlarga ko`ra, inflyasiya ko`rsatkichi 9,0-10,0 foizgacha pasayishi kerak. Shu ma`noda, ushbu maqsadga qay darajada erisha olyapmiz? May oyida yillik inflyasiyadarajasi apreldagiga nisbatan biroz tezlashib, 10,9 foizni tashkil etdi. Oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari o`sishi tezlashgani bunga katta ta`sir ko`rsatdi. Darhaqiqat, o`tgan oyda iste`mol tovarlari bahosidagi o`zgarishlar yaqqol sezildi. Ayniqsa, o`simlik yog`i, shakar va go`sht mahsulotlari narxlari sezilarli darajada qimmatlashdi. Bu avvalo, jahon bozoridagi tebranishlar, qolaversa, qish-bahor mavsumida kuzatilgan o`zgaruvchan ob-havo sharoitlari ta`siri bilanizohlanmoqda. Sababi, noqulay ob-havo ta`sirida meva va sabzavotlar hosilining kechikishi, boz ustiga, hosilning avvalgi yillarga qiyoslanganda kam bo`lishi kutilmoqda.
NARXLAR OShIShIDA YoG` MAHSULOTLARI ETAKChI...
Davlat statistika qo`mitasidan tasdiqlashlaricha, narxlar oshishi bo`yicha yog` mahsulotlari etakchilik qildi. Gap shundaki, qo`mita tomonidan e`lon qilingan 2021 yilning may oyida iste`mol sektoridagi inflyasiya darajasiga ko`ra, o`tgan oyda tovarlar va xizmatlar o`rtacha 0,5 foiz qimmatlashdi. Yil boshidan esa narxlarning o`sish darajasi 4,6 foizni tashkil etdi. Oziq-ovqat mahsulotlari orasida yog`-moy mahsulotlari 26,1 foiz ko`tarilib, o`tgan besh oyda narxlar oshishi bo`yicha etakchi o`ringa chiqib oldi. Yillik nisbatda esa 1,5 barobarga qimmatlashgan.
HOZIRGI XOLAT UMUMIY SUR`ATGA TENGLAShDI
Markaziy bank tahliliga ko`ra, nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari va xizmatlar tariflarining yillik o`sishi umumiy inflyasiyaga pasaytiruvchi ta`sir ko`rsatdi. Umuman olganda, mavsumiy omillar ta`sirchanligi yuqori bo`lgan meva-sabzavotlar va tartibga solinadigan narxlar chiqarib tashlab hisoblangan bazaviy inflyasiya darajasi yil boshidan (12,1 foiz) bosqichma-bosqich pasayib, may oyida yillik 10,9 foizni tashkil etdi. Bu umumiy inflyasiya sur`atlari bilan tenglashdi, deganidir.
AHOLINING ISTE`MOL FAOLLIGI OShMOQDA
Koronavirus inqirozi va uning oqibatlari hali butkul bartaraf etilmagan bo`lsa-da, milliy iqtisodiyotda o`nglanish kuzatila boshladi. Shu yilning yanvar-aprel oylarida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmida o`tgan yilning mos davriga nisbatan 6,6 foiz, ko`rsatilgan xizmatlar hajmi 19,8 foizga oshgani tiklanish jadallashganini tasdiqlab turibdi. Quvonarlisi, aholining iste`mol faolligi oshishi barobarida, savdo va pullik xizmatlar hajmi ham ortmoqda. O`tgan besh oy yakunlari bo`yicha tijorat banklari kassalariga savdo va pullik xizmatlardan tushumlar hajmi 19,6 trln. so`mni tashkil etdi. Taqqoslash uchun keltiramiz, 2019 yilning ushbu davrida bu boradagi ko`rsatkich 11 trln. so`m, 2020 yilning tegishli davrida esa 6,1 trln. so`mga teng bo`lgan. Shu bois yil oxirigacha iqtisodiy o`sish va investisiyaviy faollikni qo`llab-quvvatlovchi asosiy omil fiskal rag`batlantirish bo`lishi kutilmoqda. Joriy yilning dastlabki besh oyida tashqi iqtisodiy sharoitlar iqtisodiyotimiz uchun mo``tadil bo`lganini ham alohida ta`kidlash joiz. Eksportdan tushumlari hajmi (oltin va gazni hisobga olmaganda) 3,9 mlrd. dollarni tashkil etib, 2020 yil mos davridagi ko`rsatkichdan (2,5 mlrd. dollar) 1,5 barobarga, 2019 yildagidan (2,8 mlrd. dollar) 39 foizga yuqori bo`ldi. Kirib kelgan transchegaraviy pul o`tkazmalari hajmi esa 2,6 mlrd. dollarni tashkil etib, 2020 yilning mos davriga (1,8 mlrd. dollar) nisbatan 43 foizga, 2019 yilning mos davriga (2 mlrd. dollar) nisbatan 30 foizga o`sdi. Bular, o`z navbatida, ichki valyuta bozorida taklif hajmining barqaror bo`lishi va milliy valyuta kursi shakllanishida muhim rol o`ynadi.
GO`ShT VA SABZAVOTLAR YaNA QIMMATLAShADIMI?
Inflyasiyani oshiruvchi va pasaytiruvchi omillar tahlili oxirgi oylarda inflyasiyani oshiruvchi omillar vaznining nisbatan yuqori ekanligini ko`rsatmoqda. Xususan, keyingi oylarda inflyasion omillar, asosan, jahon bozorlaridagi muhim oziq-ovqat mahsulotlari dinamikasi, mevalar taklifi, avtomobil yonilg`isi va qurilish mollari bozorlaridagi tendensiyalar bilan bog`liq bo`ladi. Bundan tashqari, kuzatilayotgan o`zgaruvchan ob-havo sharoitlari, ayniqsa, suv resurslarining kamligi chorva ozuqasi narxlariga va takroriy sabzavot ekinlarini ekish jarayoniga ta`sir ko`rsatib, pirovardida go`sht mahsulotlari va sabzavotlar narxlariga oshiruvchi bosim ko`rsatishi mumkin.
SABZINING NARXI "SAKRAB" KETDI VA TORTILIB QOLDI
Hozirdanoq ayrim sabzavot turlari narxi keskin oshib ketgani prognozlar o`zini oqlayotganini anglatadi, albatta. Oxirgi bir-ikki hafta ichida o`zbek oshxonasidagi eng talabgir mahsulotlardan biri bo`lgan sabzining narxi “sakrab” ketgani bunga misol bo`la oladi. Negaki, bugungi kunda uning kilosi 7-11 ming so`mdan sotilmoqda. Boz ustiga, dehqon bozorlarida ushbu mahsulotning tortilib qolgani kuzatilyapti. Vaholanki, Davlat statistika qo`mitasi 2 iyun holatiga ko`ra, respublika bozorlarida sabzining bahosi 2 500 so`mdan boshlanishini rasman e`lon qilgan edi. Afsuski, bugun minimal narx o`sha paytdagi maksimal narx — 7 ming so`mdan ham o`zib ketdi. Bu kabi omillar ta`sirini kamaytirish uchun, avvalo, iste`mol bozorlarida raqobatni rag`batlantirish, bozorlar va savdo tarmoqlari ko`lamini kengaytirish, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishhamda etishtirish imkoniyatlarini kengaytirish, er maydonlari hamda suv resurslarini ajratish — bunday tadbirlar o`zining ijobiy samarasini berishi aytilmoqda. Shu ma`noda, Prezidentimiz ko`rsatmasi bilan g`alladan bo`shaydigan qariyb 100 ming gektar er maydonlari oziq-ovqat mahsulotlari etishtirish uchun ishsiz aholiga bo`lib berilayotgani, suv tanqisligini ta`sirini kamaytirish uchun quduq qazishga 200 milliard so`m ajratilayotgani diqqatga sazovor. Endi hamma gap o`sha erlardan unumli foydalanish, barqaror suv ta`minotiga erishish va mo`l hosil etishtirishda qoldi. Binobarin, yil oxirigacha inflyasion kutilmalarning pasayishi, birinchi navbatda, asosiy oziq-ovqat tovarlari narxlarining barqarorlashishi hamda iqtisodiyotda yalpi iste`mol va taklifning o`zaro muvozanatlashuviga bog`liqdir.
Asrorbek NE`MATOV, “Darakchi” gazetasi 25 (1152) 24 IYuN 2021 Y.