1

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi yuqori haroratli ob-havo sharoitlarida ish beruvchilarga qo`yiladigan talablarni ma`lum qildi

Jamiyat 05.07.2021, 17:49
Teglar: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi yuqori haroratli ob-havo sharoitlarida ish beruvchilarga qo`yiladigan talablarni ma`lum qildi

Yuqori haroratli ob-havo sharoitlarida korxonalarda ishlayotgan xodimlar va ish beruvchilarga ishlash tartibi

 

 

Korxonalarda yilning issiq davrida ishlab chiqarish xonalari, sexlar, bo`limlar va boshqa yopiq hududlarda mikroiqlimning me`yorlari SanQvaM 0324-16 talablari asosida bo`lishi lozim. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabar bermoqda. 

Xabarda aytilishicha, engil I-kategoriyali ishlar (ish jarayoni o`tirgan holda amalga oshiriladi, jismoniy og`irlik talab etilmaydi)da havo harorati 24-27 0S, havoning nisbiy namligi 40-60% va havo harakati tezligi 0,1-0,2 m/sdan oshmasligi, o`rta og`irlikdagi II-kategoriyali ishlar (ish jarayoni o`tirgan va qisman yurgan holatda amalga oshiriladi, 1 kg.dan 10kg.gacha bo`lgan buyumlarni ko`taradi)da havo harorati 22-25 0S, havoning nisbiy namligi 40-60% va havo harakati tezligi 0,3 m/sdan oshmasligi, og`ir III-kategoriyali ishlar (ish jarayoni doimiy harakatda amalga oshiriladi, 10 kg.dan yuqori bo`lgan yuklarni ko`taradi)da havo harorati 21-23 0S, havoning nisbiy namligi 40-60% va havo harakati tezligi 0,4 m/sdan oshmasligi lozim.

Mikroiqlimning yo`l qo`yilishi mumkin bo`lgan me`yoriy miqdorlarini belgilash ishlab chiqarish jarayoniga texnologik talablar, ularni ta`minlashning texnologik jihatdan iloji bo`lmaganligi yoki maqsadga muvofiq emasligi iqtisodiy asoslanganligi tufayli imkoni bo`lmagan ishlab chiqarish xonalarida ishlovchilarni yuz berishi mumkin bo`lgan qizib ketishdan himoyalash uchun tadbirlar: havoni mahalliy sovutish, havo dushlari, dam olish xonalari, yuqori haroratdan himoyalash uchun maxsus kiyimlar, shaxsiy himoya vositalari, ish va dam olish vaqtini reglamentlash kabilar ko`zda tutilishi lozim. Issiqlikdan shikastlanishning oldini olish maqsadida to`sib turuvchi yuzalarning harorati 45ºS dan ortib ketmasligi kerak.

O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 211-moddasi hamda “Mehnatni muhofaza qilish to`g`risidagi” O`zbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasiga muvofiq, barcha korxonalarda xavfsizlik va gigiena talablariga javob beradigan mehnat sharoitlari yaratilgan bo`lishi kerak. Bunday sharoitlarni yaratib berish ish beruvchining majburiyatiga kiradi.

O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 14 avgust 1996 yilda 273-son bilan ro`yxatdan o`tgan “Mehnat muhofazasi bo`yicha ishlarni tashkil etish to`g`risida”gi Namunaviy nizom talablariga asosan Xodimlarning mehnat sharoiti xavsizligini ta`minlash bo`yicha quyidagi vazifalarni:

  • Mehnatning sanitariya-gigienik sharoitlarini me`yorlashtirishni;
  • Sexlar va ishlab chiqarish binolarida sanitariya-gigiena talablariga javob beradigan zarur issiqlik-namlik rejimini yaratishni;
  • Mazkur texnologik jarayonga qo`yiladigan talablarga mos ravishda shamollatish qurilmalari, kondisionerlar tizimlariga ega bo`lish hamda undan foydalanishni ta`minlash lozim.

Ish beruvchi tomonidan xavoning issiq harorati yuqori darajasi vaqtida binolarda miqroiqlim sharoitini yaxshilaydigan uskunalarning (kondisioner, ventilyasiya, ishlab chiqarish maydonlarga o`rnatilgan quruq havoni namlashtirish uskunalari va boshqalar) faoliyatini ta`minlashi va nazorat qilish, texnik jixatdan bunday uskunalarni o`rnatish va ishlatish imkoni bo`lmagan taqdirda xodimlarning ish rejimini o`zgartirish va dam olish vaqtlarini ko`paytirish yoki ish vaqtini qisqartirilishi, xodimlarni bepul toza ichimlik (minerallangan) suv bilan ta`minlash choralari ko`rilishi lozim.

Mehnat sharoitlari bo`yicha yilning issiq davrida ochiq maydonlarda bajariladigan ishlar ish kategoriyasiga (Ia-III) muvofiq havo harorati 34,2°C-36,0°C dan yuqori bo`lganda inson sog`lig`i uchun o`ta xavfli hisoblanib (0141-03-son SanQvaM), mazkur holatda ish rejimini o`zgartirgan holda, ya`ni ish vaqtini kunning salqin vaqtlariga ko`chirgan holda ishni tashkil etilishi maqsadga muvofiq bo`ladi.

Agarda xodim ochiq maydonda (qurilish maydonlarda, dalalarda) faoliyatini amalga oshiriyotgan bo`lsa, ish beruvchi tomonidan mavsumga mos bo`lgan himoya vositalari ajratilishi, ish rejimini o`zgartirilishi (dam olish vaqtlarini uzaytirish yoki ishlash soatlarini o`zgartirishi, ish vaqtning qisqartirilishi), shuningdek xodimlarni bepul toza ichimlik (mineral) suv bilan ta`minlanishi lozim.

Korxonadagi bunday ishlarning ro`yxati va ularni bajarishda ish vaqtining muayyan muddati tarmoq (tarif) kelishuvlarida, jamoa shartnomalarida belgilab qo`yiladi, agar ular tuzilmagan bo`lsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo`mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib olingan holda amalga oshiriladi.

Mehnat kodeksining 219-moddasiga muvofiq xodim ish jarayonida o`zining hayoti yoki sog`lig`iga tahdid soluvchi holatlar yuzaga kelib qolganligi to`g`risida ish beruvchiga darhol xabar qilishi, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishini tekshirib borish va nazorat qilish bilan shug`ullanuvchi organlar ana shu holatlarni tasdiqlagan taqdirda ish beruvchi bu holatlarni bartaraf etish choralarini ko`rishi lozim. 

Shu davr mobaynida Mehnat kodeksining 159-moddasiga muvofiq xodimning o`rtacha ish haqi saqlanib qolinadi.

Sharhlar

Vazir u bilan uchrashmoqchi bo`lgan yoshlar bilan alohida suhbat qilib, ularga ish ham topib berdi (video)

19.05.2021, 00:34

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozimjon Husanov ayni paytda Navoiy viloyatida bo`lib turibdi. Gap shundaki, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va BMT bilan hamkorlikdagi tadbirdan so`ng...
Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan korxonalarda yuz bergan qonunbuzilish holatlari haqida ma`lumot berildi

03.02.2021, 13:08

O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan 2020 yil davomida amalga oshirilgan ishlar haqida ma`lumot berdi. Inspeksiya tomonidan Respublika bo`yicha qamrab olinadigan...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1