1

Bank sirida sir qolmadimi?

Jamiyat 05.07.2021, 20:30
Bank sirida sir qolmadimi?

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyatchilikning oldini olish va jinoyatlarga qarshi kurashish borasida turli usullar qo`llanilmoqda. 

2021 yil 28 iyunda “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun qabul qilindi. Qonunda belgilangan normalar prokuratura, dastlabki tergov, surishtiruv va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashishda engilliklar yaratadi. Davlatga yoki fuqarolarga etkazilgan moddiy zararlarni qoplash imkonini beradi. Bu qanday amalga oshadi?

Endilikda bank siri deb e`tirof etiluvchi ma`lumotlar prokuratura, dastlabki tergov, surishtiruv, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga prokuror sanksiyasi bilan taqdim etilishi qayd etildi. Ilgari bank mijoziga (vakiliga) nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi mavjud bo`lgan taqdirda, etkazilgan zarar undirib olinishini yoki uning mol-mulki xatlanishini ta`minlash maqsadida bank sirini tashkil etuvchi ma`lumotlar berilgan bo`lsa, endilikda bunday ma`lumotlar tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga ham taqdim etilishi qayd etildi. Bu esa gumonlanayotgan shaxsning jinoyatini fosh etishga, jinoyatlarning oldini olishga va jinoyatlarni o`z vaqtida aniqlash va oqibatlarini bartaraf etish imkonini beradi. Qolaversa, jinoyatchilarning bankdagi hisobvaraqlarini aniqlash orqali undagi mablag`lar miqdorini bilish mumkin. Uni sodir etgan iqtisodiy jinoyatlardagi zararni ushbu mablag`lar hisobidan qoplash yoki mablag` noqonuniy yo`l bilan topilgan bo`lsa davlat foydasiga musodara qilinishi mumkin.

Shuningdek, prokuratura, dastlabki tergov, surishtiruv organlari va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar o`z ish yurituvidagi jinoyat ishlari va tezkor-qidiruv ishlari bo`yicha banklarda hisobvaraqlar mavjudligi to`g`risidagi ma`lumotlarni Markaziy bankning ma`lumotlar bazasidan avtomatlashtirilgan rejimda olishi mumkinligi belgilandi. Bu esa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jinoyatchilarni tezroq fosh etish yoki o`z vaqtida jinoyatlarni aniqlash imkonini beradi. 

Ushbu o`zgartish va qo`shimchalar ko`pchilikka yoqmasligi mumkin, “bank siri endi sir emasmi?” yoki “bu mening shaxsiy sirim, nimaga uni hamma bilishi kerak?” kabi savol va fikrlar kelishi mumkin. Shuni unutmaslik lozimki, ma`lumotlarni olgan mansabdor shaxs bunday bank siri bo`lgan ma`lumotlarni ommaga ma`lum qilishga haqli emas. Qolaversa, bankda turgan mablag`lar halol ishlab topilgan bo`lsa, nega bunday ma`lumotlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilishidan qo`rqish mumkin? Faqatgina g`ayriqonuniy yo`l bilan topilgan daromadlarni yashirayotgan insonlargina bunday o`zgartirishga qarshi bo`lishi mumkin.

Xulosa o`rnida ta`kidlash joizki, mazkur Qonun bilan kiritilayotgan o`zgartirish va qo`shimchalar jinoyat olamidagi “mashhur”larga og`ir zarba berishi, ularni o`z vaqtida fosh etishi aniq. Boshqalarning ham bu yo`lga tushmasligi uchun yaxshigina turtki bo`lishi mumkin.

Salamat Turemuratov,

“Adolat” milliy huquqiy axborot markazi mas`ul xodimi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1