1

UzIMEI tizimiga nisbatan e`tirozlarga "tishsiz" parlament vakili o`z munosabatini bildirdi

Jamiyat 12.07.2021, 12:55
UzIMEI tizimiga nisbatan e`tirozlarga "tishsiz" parlament vakili o`z munosabatini bildirdi

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiev o`zining telegram kanalida e`lon qilgan "UzIMEI: “Jallod choychaqasi” va “tishsiz” Parlament" haqidagi posti   ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Unda UzIMEI tizimiga nisbatan e`tirozlar, bunga parlamentning “tishsiz” munosabati tanqid ostiga olingan edi. 

Ushbu postga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Baxtiyor MANIYaZOV o`z munosabatini bildirdi.  

" – Tanqid qilish yoki e`tiroz bildirishga albatta haqqimiz bor, bu oson ham. Lekin masalaga chuqurroq kirishsak, ko`p savollarga o`z-o`zidan javob topilgan bo`lardi?

Mutaxassis sifatida shularni aniq ayta olaman. Mobil aloqaning rivojlanishi zamonaviy servis xizmatlarini joriy etish va interaktiv davlat xizmatlari hamda elektron tijoratdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hisobiga amalga oshadi. Qolaversa, xalqaro standartlarga mos mobil telefonlar va aloqa qurilmalarini keng ishlab chiqarishni qo`llab-quvvatlash ham bizda davlat siyosati darajasidagi masalaga aylangan.

Sohani tushungan odam sifatida muammolar guvohiman. Ko`pchilik qatori o`zimdayam savol tug`ilar edi: “Odamlar ishlatayotgan mobil qurilmalarning sifati, texnik kafolati, xavfsizligi va ularning ichida joylashtirilgan dasturlarga kafolat bormi?” Yo`q!

Achinarlisi, yaqin yillargacha bu hech kimni qiziqtirmadi va muammoning echimi ham nazardan chetda qolib kelmoqda.   Uyali uskunalarning sifati va xavfsizligiga kafolat beradigan bozorni shakllantirish vaqti esa allaqachon eshik qoqib turibdi. Aniqrog`i, 2019 yil noyabr oyigacha respublikamizga olib kirilgan smartfonlar-u, boshqa mobil qurilmalar aksariyati ushbu yo`nalishdagi biznes sifatida xufyona iqtisodiyotning bir yo`nalishi hisoblangan. Erkin savdoda bo`lgan bu kabi ashyolarning deyarli 87 foizi davlat hududiga yashirin ravishda olib kirilgan.

Aslida, bunday qurilmalar millionlab bo`lsada, o`sha davrgacha rasman “respublika bo`yicha yiliga 50-60 mingta telefonlar olib kirilmoqda”, degan hisobot yuritilar edi.

Mobil qurilmalar kundalik hayotimiz, ayniqsa, pandemiya davrida turmush tarzimizning ajralmas hamrohiga aylandi. Endi, odamlar o`z elektron hamyoni havfsizligini kafolatlanmagan mobil qurilmaga qanday qilib ishonib topshirishi mumkin? Bu ham mayli, birinchi o`rinda qimmat telefonni arzonroq sotib olish muammosi turadi. Bunaqa vaziyatda nosog`lom raqobat tarafdorlari bo`lgan noqonuniy telefonlarni olib kiruvchi shaxslar foydalanib qoladi. Albatta, bunday “yog`li bozor”ni birov o`z-o`zidan berib qo`ygisi kelarmidi...? Balki, har xil qarashlar va e`tirozlarni, aslida, ularning o`zlari o`ylab topib, ilgari surishayotgandek tuyulyapti desam, hayron bo`lmassiz," - deydi deputat.

 

Shuningdek, deputat UzIMEI tizimini joriy qilish natijasida xalqimizga sifati va xavfsizligi kafolatlangan mobil qurilmalar etib kelishini isbotlovchi quyidagi javoblarni sanab o`tdi:

Unga ko`ra,

1. Iste`molchilar uchun sifatli mobil qurilmalardan foydalanish imkoniyati yaratildi, sifati kafolatlangan, halqaro talablarga javob beradigan mahsulot kirib kelmoqda. Xalqaro GSM talabi bo`yicha standartlarga javob bermagan qurilmalar ro`yxatdan o`tkazilmayapti.

2. Ichki bozorda kontrafakt mahsulotlar aylanishi cheklanmoqda, telekommunikasiya bozorida sog`lom raqobat muhiti shakllanmoqda.

3. Mobil aloqa qurilmalarini ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalarning vakolatxonalari ochilmoqda. Bular kafolatlangan sog`lom raqobat muhiti bor bo`lsagina vakolatxona ochishadi. Bugungi kunga qadar bunday sog`lom muhit bo`lmagan.

4. Rasmiy olib kirilgan qurilmalarni savdo majmualari xaridorlarga muddatli to`lov yoki kredit asosida sotmoqda. Bunday xizmat norasmiy olib kirilgan qurilmalarga ko`rsatilmaydi.

5. Xalqaro standartlarga mos mobil telefonlar va mobil aloqa moduliga ega qurilmalarni mahalliy tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan ishlab chiqarishni kengaytirish qo`llab-quvvatlanmoqda.

6. Tizimning joriy etilishi fuqarolarimiz xavfsizligini ta`minlashga zamin yaratadi. Ya`ni, bu nafaqat mobil qurilmalarni o`g`rilash bilan bog`liq jinoyatlarni kamaytirmoqda, balki davlat va ijtimoiy xavfsizlikni ta`minlab beruvchi choralarining samaradorligini oshirdi. Qolaversa, mazkur tizim bozordagi shaffofligini yanada oshirib, qalbaki mahsulotlarni respublika hududiga olib kelish hajmini kamaytirgan.

" - Endi, masalani to`liq o`rganmasdan va bir tomonlama fikrlarga ishonib “ushbu to`lovlarni iste`molchi to`laydi” degan noto`g`ri tushunchalar haqida ikki og`iz.

Aslida, Vazirlar Mahkamasining “O`zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kelinadigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro`yxatdan o`tkazish tartibi to`g`risida” 2019 yil 17 sentyabrdagi qarorida aniq qilib yozib qo`yilgan, ya`ni mobil qurilmani importyor respublika hududiga olib kirgan bo`lsa, O`zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo`mitasi tomonidan beriladigan davlat bojxona deklarasiyasi asosida IMEI-kodlari ro`yxatdan o`tkaziladi.

Tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan import qilingan mobil qurilmalarning eSim IMEI-kodlari sotuvga chiqargunga qadar ro`yxatdan o`tkazilishi va shundan so`ng iste`molchiga etib borishi ta`minlanmoqda. Ya`ni, oddiy so`z bilan aytganda iste`molchi hech qanday to`lov amalga oshirmayapti, Sim slotga ham eSimga ham. Iste`molchi mobil qurilmani respublika hududida sotib olgandan so`ng, uni IMEI-kodlarini ro`yxatdan o`tkazish uchun to`lov amalga oshirilishi nazarda tutilmagan.

Hanuzgacha ayrim fuqarolarning (asosan chetga chiqib kelgan) pasport ma`lumotlaridan noqonuniy ravishda foydalanib, respublika hududiga noqonuniy (kontrabanda) yo`llar bilan olib kirilgan mobil qurilmalarni on-layn ravishda (rasmiy saytdan, SMS yoki USSD kod orqali) ro`yxatdan o`tkazishmoqda. Bunday tartibda o`tkazishda, pasportni haqiqiy egasi yoki begona shaxs tomonidan harakat amalga oshirilayotganligi tizimga noma`lum bo`ladi. Biroq on-layn xizmatini ham o`chirib bo`lmaydi. Bunday holat yuzaga kelishi faqatgina soxta tadbirkorlarning vijdoniga havola", - deydi quyi palata vakili.

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1