Sh.Mirziyoev imzolagan hujjatlar bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O`simliklar karantini davlat inspeksiyasi negizida O`simliklar karantini va himoyasi agentligi tashkil etilmoqda.
Agentlik zimmasiga o`simliklar himoyasi sohasida kompleks nazorat tizimini tashkil etish orqali qishloq xo`jaligi mahsulotlarini xalqaro standart talablari bo`yicha etishtirish va faoliyatini to`liq raqamlashtirish vazifasi yuklatilmoqda.
“O`zagrokimyohimoya” AJ va uning hududiy “Agrokimyohimoya” AJlari va Qishloq xo`jaligi vazirligi huzuridagi Kimyolashtirish va o`simliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan o`tkazish va ro`yxatga olish bo`yicha davlat komissiyasi tugatilmoqda.
Ushbu sohadagi tadbirkorlik sub`ektlari Davlat tomonidan 2024 yil 31 dekabrga qadar qo`llab-quvvatlanadi. Masalan, summasi 10 mlrd so`mdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 barobaridan oshmaydigan milliy valyutada ajratiladigan kreditlar uchun foiz to`lovlarining xarajatlari, Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 7 foiz punktdan ko`p bo`lmagan qismi kompensasiya qilinadi.
Shuningdek, “Agrobank” ATB tomonidan tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan laboratoriyalarni tashkil etish, uskuna va texnikalarni sotib olish hamda aylanma mablag`lari uchun 200 mlrd so`mlik kredit liniyasi ochiladi.