1

Karamdan tayyorlanadigan mazali taomlar resepti

SUG'DIYONA 26.03.2016, 13:20
Teglar: Mahsulot, Taom
Karamdan tayyorlanadigan mazali taomlar resepti

Karam — har bir ayol kundalik taomnomasiga qo`shishi kerak bo`lgan asosiy va foydali mahsulotlardan biri hisoblanadi. Quyida sizlarga karamdan tayyorlanadigan taomlar reseptini tavsiya etamiz. 

Karamli pxali
“Pxali” gruzincha so`z bo`lib, bargli karam va sabzavotli gazak degan ma`noni bildiradi. Pxalini lavlagi, ko`k loviya, ismaloq, turli sabzavot va ko`katlardan ham tayyorlash mumkin. Agar unga yong`oqdan tayyorlangan o`tkir ziravorlar qo`shilsa, o`zgacha ta`m beradi. 

Pxali 40 daqiqada tayyor bo`ladi.

Kerakli masalliqlar: 

  • 1,5 kg karam
  • 300 gramm yong`oq
  • bir bog` kinza
  • 3-5 bo`lakcha sarimsoqpiyoz
  • 1 dona bosh piyoz
  • yarim choy qoshiq koriandr
  • tuz ta`bga ko`ra
  • 1 osh qoshiq vinoli sirka
  • qalampir ta`bga ko`ra
  • anor donachalari

Yirik qilib to`g`ralgan karam barglari qaynatib olinadi. Judayam pishirib yubormang. Qaynoq suvdan olgandan keyin suvini siriqtirib, soviting. Yong`oq, kinza, sarimsoqpiyoz va bosh piyozni go`shtqiymalagichdan o`tkazing (blenderdan foydalanish ham mumkin). Hosil bo`lgan aralashmaga tuz, ziravor, sirka qo`shing. Karamni ham go`shtqiymalagichdan o`tkazing, agar suvi chiqadigan bo`lsa, siriqtirib olib tashlang. Yong`oqli aralashmaga karamli aralashmani qo`shib, ustini anor donachalari bilan bezatib, bir necha soatga muzlatkichga solib qo`ying. Pxali — juda mazali sovuq gazak hisoblanadi. Uni nonga surtib eyish mumkin (gruzin lavashi bo`lgani ma`qul) yoki alohida taom sifatida ham dasturxonga tortish mumkin.

“Koul Slou” salati 

Amerikaliklarning sevimli salati bo`lmish Cole slaw oddiy va juda tez tayyorlanadi. Uni tayyorlashda karamdan tashqari yangi uzilgan sabzavotlar (sabzi, selderey) va olma ham ishlatiladi. Bu salat juda foydali bo`lib, unga uy sharoitida tayyorlangan mayonezdan tashqari tabiiy yogurt yoki yog`siz smetana qo`shish mumkin. Salatni tayyorlash uchun 10 daqiqa vaqt ketadi. Kerakli masalliqlar:

  • Karam ¼
  • 1 dona olma
  • 2 bog` selderey
  • 1 dona sabzi
  • 3 osh qoshiq mayonez
  • limon ½ dona
  • tuz, shakar ta`bga ko`ra 

Barcha sabzavotlarni oqar suvda yaxshilab yuving. Seldereyning ustki po`stlog`ini archib, barglarini olib qo`ying. Keyin uning tanasini somoncha shaklida, barglarini esa maydalab to`g`rang. Sabzini ham somoncha shaklida to`g`rab oling yoki qirg`ichdan o`tkazing. Karamni ham mayda to`g`rang. Olmani po`stlog`i va o`zagidan tozalab, qirg`ichdan chiqaring yoki somoncha shaklida to`g`rashingiz mumkin. Barcha to`g`ralgan masalliqni idishga solib, yarimta limon sharbati, ta`bga ko`ra tuz, shakar, mayonez solib, yaxshilab aralashtiring. “Koul Slou” salati tayyor! Yoqimli ishtaha!     

Karamli kotletlar

Agar karamni blenderda yaxshilab maydalab olsangiz, judayam mazali karamli kotletlar tayyorlashingiz mumkin. Sabzavotli massani shaklga keltirish uchun ozgina un yoki manniy yormasidan foydalanish mumkin. Uni tayyorlash uchun 25 daqiqa vaqt ketadi.

Kerakli masalliqlar:

  • Karam ½
  • 2 dona tuxum
  • 2,5 osh qoshiq un
  • 1 bog` petrushka
  • tuz, qalampir ta`bga ko`ra

Karamni blenderda maydalab oling, agar blender bo`lmasa, mayda qilib to`g`rash ham mumkin. Unga mayda to`g`ralgan petrushka soling. Alohida idishga tuxum chaqing, un, ta`bga ko`ra tuz, qalampir qo`shing. Bu aralashmani maydalangan karamga yaxshilab aralashtiring. Qizdirilgan tovaga bir osh qoshiqdan (yoki qo`lingizni ho`llab, dumaloq shaklga keltirishingiz ham mumkin) karamli massani solib, qovurib oling. Karamli kotletlarni smetana bilan birga, ustiga ko`kat sepgan holda iste`mol qilish mumkin. Yoqimli ishtaha! 

Qiyma qo`shib dimlangan karam

Tushlik yoki kechki ovqat uchun ajoyib va mazali taom. 30 daqida tayyorlanadi.

Kerakli masalliqlar:

  • 250 gramm karam
  • 300 gramm qiyma
  • 100 gramm tomat
  • 80 gramm sabzi
  • 50 gramm piyoz
  • bir bog` petrushka
  • tuz va ziravorlar ta`bga ko`ra

Tovani baland olovga qo`yib 2 osh qoshiq o`simlik yog`i soling. Yog` qizigandan keyin xalqacha shaklida to`g`ralgan piyozni 3 daqiqa davomida qovuring. Keyin somoncha shaklida to`g`ralgan sabzini, qiymani, ta`bga ko`ra tuz va ziravorlarni qo`shib, qovurishda davom eting. 7 daqiqadan keyin to`g`ralgan karam, tomat soling. Agarda karamning sharbati kam bo`lsa, yarim stakan suv qo`shishingiz mumkin. Hammasini yaxshilab qovurib olgach, tovaning qopqog`ini yopib, past olovda 15 daqiqa dimlang. Tayyor bo`lgan taomning ustiga ko`katlar sepib, dasturxonga tortishingiz mumkin. Qiyma solib dimlangan karam tayyor! Yoqimli ishtaha!

Sharhlar

​​Aholi salomatligi uchun mahsulotlar xavfsiz yoki zararli ekanligini ko`rsatuvchi belgilar bilan tamg`alanadi

11.11.2020, 21:22

"Aholining sog`lom ovqatlanishini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida" gi Prezident qarorida qayd etilishicha, oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibida tuz, qand va yog` miqdori inson sog`lig`i uchun xavfsiz...
​«Osiyo» salati — baqlajon va no`xatdan!

30.06.2017, 15:55

Zarur masalliqlar: 200 gr. qaynatilgan no`xat, 2 donadan baqlajon, pomidor va bulg`or qalampiri, 3 bo`lak sarimsoqpiyoz, 2 osh qoshiq soya sousi, o`simlik yog`i, limon sharbati,...
​«Yoz» pirogi — olma va tvorogning ajoyib uyg`unligi

24.06.2017, 11:23

Zarur masalliqlar: xamiriga: 270 gr. un, 180 gr. sariyog`, 80 gr. shakar, 1 dona tuxum, yarim choy qoshiq xamiryumshatgich, tuz; ichiga solishga: 750 gr. tvorog,...
​O`rikli chizkeyk — yoz yozdek o`tsin!

23.06.2017, 11:11

Zarur masalliqlar: 300 gr. tvorog, 200 gr. o`rik mevasi, 200 ml. smetana, 180 gr. shakar, 100 grammdan uvadalanuvchi pechene va sariyog`, 2 dona tuxum, pichoq...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1