“Voyaga etmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko`rsatishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qaror bilan Voyaga etmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko`rsatish markazlari to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Markazlar, jumladan, qarovsiz bolalarning shaxsini aniqlab, ularning o`qishi va xulq-atvori, oilasidagi muhitini hamda qarovsiz qolishiga sabab bo`lgan omillarni o`rganadi.
2021 yil 1 sentyabrdan voyaga etmaganlar masalalari bo`yicha inspektor-psixologlar tomonidan – ta`lim muassasalarida, profilaktika inspektorlari tomonidan – xizmat hududida, mahalla fuqarolar yig`inlari raislari tomonidan – oilalarda qarovsiz bolalar aniqlanadi.
Voyaga etmagan shaxsning qarovsiz qolganligi davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolar tomonidan aniqlangan hollarda ular bu to`g`risida profilaktika inspektoriga xabar beradi.
Profilaktika inspektori bola qarovsiz qolganligi to`g`risida xulosaga kelsa, tegishli tartibda bolani Markazga qabul qilish haqida yo`llanma tayyorlanadi.
Shunga ko`ra, Markaz xodimlari 5 soat ichida bolani qabul qilib oladi va Markazga joylashtiradi.
Markaz tomonidan 48 soat ichida qarovsiz bolaning shaxsi aniqlanadi. Bolaning ijtimoiy-huquqiy holatiga baho berish natijasiga ko`ra ijobiy xulosaga kelinsa, bola ota-onasi (ota-ona o`rnini bosuvchi shaxslar)ga topshiriladi.
Markaz yo`llanmasiga ko`ra, bola tegishli ixtisoslashtirilgan ta`lim muassasasiga sinov va imtihonlarsiz o`qishga qabul qilinadi. O`qish xarajatlari respublika byudjeti hisobidan amalga oshiriladi.
Professional yoki OTMga o`qishga kirish istagi bo`lmagan yoki o`qishga kira olmagan qarovsiz voyaga etmagan bola 1 oy ichida hududiy mehnat organlari tomonidan ishga joylashtiriladi.
2021 yil 1 noyabrgacha “E-voyaga yetmaganlar” yagona axborot tizimi ishlab chiqiladi.