AsosiyJamiyat

Suriyada ocharchilik va o`lim xavfi ostida qolgan o`zbek ayoli

'Suriyada ocharchilik va o`lim xavfi ostida qolgan o`zbek ayoli'ning rasmi

Dunyoni tahlikaga solgan Suriyadagi urush ba`zi bir insonlar uchun juda qimmatga tushdi: bemavrid buzilgan uylar, vayronalar ostida qolib bevaqt o`lim topganlar, kuli ko`kka sovurilgan vahimali shaharlar. Talafotlar miqdori esa bu haqida o`ylagan kishilarni dahshatga soladi. 

Aziza ShAVDONOVA 
1983 yili Namangan viloyati Uchqo`rg`on tumanida tug`ilgan. 5 yil Yaqin Sharqdagi urush maydonlarida yashagan. “Mehr-5” operasiyasi doirasida O`zbekistonga olib kelindi. Suriyadagi urush ayollar taqdirida qanday aks etdi? Afsuski, Yaqin Sharqdagi urush aldovlarga ishonib borgan o`zbekistonliklar hayotiga ham salbiy ta`sirini o`tkazdi. “Mehr-5” insonparvarlik operasiyasida vatanga qaytishga muvaffaq bo`lgan namanganlik ayol janglarda kechgan qayg`uli hayotini so`zlaydi. 

                                       “QAERGA BORGANIMIZNI AYTIShGA HAM UYaLAMAN”

Kimlardir Rossiya va boshqa davlatga borib ko`cha supurdim, ishladim, mardikorlik qildim deya oladi. Lekin biz gapira olmaymiz. Hatto qaerga borganimizni aytishga ham uyaladi odam. 

Azizaning eri bepul uy va`dasini olgan va u erdagi baxtli hayot orzusi bilan ularni chegaradan olib o`tgan. Aslida bepul uy uy-joy notinchlikdan o`z mulkini tashlab qochishga majbur bo`lgan suriyalik tinch aholiga tegishli bo`lgan.

Chegaradan o`tganimizdan keyin turmush o`rtog`im bilan meni ajratishdi. U erda hamma erkaklarni jangga tayyorlash uchun olib qolishadi. Men o`zimni oqlamayman. Yaxshi ish qildim, demayman ham. Agar beva qolib ketishimni bilganimda Suriya tugul ostona hatlab ko`chaga ham chiqmasdim. Xom sut emgan banda, deb shunga aytsalar kerakda. Qishloqda dehqonchilik qilib yashasam ham rozi edim. To`g`risi, men nega, nimaga qiziqib ketganimizga haliyam aqlim etmaydi. Toshkentda yashagan vaqtlarimiz uyimiz, mashina va do`konlarimiz bo`lgan. Hayotimiz juda ajoyib edi. Endi o`ylab qarasam bizning ketishimiz to`qlikka sho`xlikdan boshqa narsa emas ekan.

2013 yil Turkiyaga o`tdik... Turmush o`rtog`im bilan Istanbul yaqinidagi shaharchada bir yilcha yashaganimizdan so`ng, erim endi Suriyaga ketamiz, u erda hamma sharoitlari bor uy beriladi, deb bizni olib ketdi. 

Minglab asirlar va ularning oilalari esa Suriya shimoli-sharqidagi qochoqlar lagerlarida ayanchli hayot kechirganini gapirayotgan ayolning eri ham avvaliga jang maydonlarida yaralandi. 

                              “ERIMNING QORNI YoRILIB, IChAKLARI ChIQIB KETGAN”

— Aeroport uchun bo`lgan jang chog`ida Suriya askarlari bombaning ushlagich qismiga ip bog`lab tortib qo`ygan.  Erim yarador odamni olib chiqayotganida shu bombani ushlab olgan va portlab ketgan. Qorni yorilib ichaklari o`rnidan ko`chib chiqib qolgan. Bu vaqtda uni kuzatib turganlar “bo`ldi, joni uzildi” deyishgan. Biroq bo`yin qismini ushlab ko`rishsa, tirik bo`lgan. Keyin “tirik ekan-ku” deya ichaklarini ichiga solib, shifoxonaga etkazishgan. Shu azob bilan 7 oy bir to`shakda yotdi. Operasiyadan keyingi holatini ko`rishning o`zi ham dahshat edi. Bomba parchalari hamma eriga kirib ketgan, orqa kuraklari,  qorinlarigacha o`yilib yotardi. Yurishni orzu qilsa ham yura olmas edi...

Ikkinchi marta avvalgi holat yana takrorlandi. Aeroport uchun jang chog`ida yaradorlarni qutqarishga kirganida bombaning (askolka)parchasi o`ng oyog`iga kirib suyakka qadalib qoladi. Bu safar oyog`ini operasiya qildirdi. Yaralar bitmadi. Uchinchi safar urushga ketganicha qaytib kelmadi. 

Suriyada erini yo`qotgan, bolalarining bolalik beg`uborligini boy bergan ayolning pushaymonlik hikoyasi tinchlik qadriga etmaydigan, o`zga yurtdan baxt izlaydiganlarni ogohlikka chaqiradi. 

                                                   “YaShASh JUDA QIYIN EDI, NON KO`RMADIK...”

— Lahzadabeva ayolga aylandim. Farzandlarim etim qolishdi. Och-nahor, boshpanasiz, sarson-sargardon bo`ldik. Har kunimiz g`am va alam og`ushida, “endi nima bo`lar ekan” degan iztirobda o`tardi. Shunchalar afsulanganmanki, buni so`z bilan izohlab berolmayman. Ko`p kasal bo`lardim. Erim bilan birga ishlagan vodiylik Abdulhafiz ismli shifokor bor edi. Suriyada uni Muhammadiy deyishardi, u kishi o`zim davolataman, deb xotinini menga sovchilikka yubordi. Unga turmushga chiqdim. Ayollar maqari???dan meni olib chiqib ketdi. Shu orada janglar kuchayib ketdi. Ikki xotin bitta uyda turishga ham majbur bo`lganmiz. Bolalar uyg`onguncha, ko`katlarni qovurib qo`yardik. Kepaklarni bir-biriga biriktirolmay yig`lardik. Farzandlarimiz ochlikdan qiynalardi.

    —O`zbekistonga qaytishga yo`l izlamadingizmi?

— Men har doim O`zbekistonga qaytishni istardim. Erim esa qaytib bo`lmaydi, derdi. Yurtimizda yaxshilik kutib turgani yo`q, ular quchoq ochib kutib olishmaydi, u erda bizni “terrorist” deyishadi, derdi. Borsak ham xotirjam yasholmasligimizni takrorlayverardi.

—Ikkinchi eringiz ham qamalgan, shundaymi, nega?   

—Qaysi qamoqdaligi,  tirikligi ham noma`lum. Jangda arzimagan sabab topib qamab qo`yishadi. Erim qamalgandan keyin o`ldimi–tirikmi, xabarsiz ketdi. Biz kundoshim bilan xat yozdik, javob ham kelmadi.

—Ota-onangiz bilan aloqangiz bormidi? 

—Uyimdagilarni surishtira – surishtira 2018 yilda topdim. Ota-onamga sizning shunaqa qizingiz bormi, deb aytishganida onam hushidan ketibdi. 3 yilga yaqin xabarsiz edik-da. Bizni o`ldi, deb o`ylagan. Xursand bo`lganidan qizim tirik ekan, deb ehson beribdi. Ularga aloqaga chiqqanimni xo`jayinim ko`rib qolib, sen o`zgarayapsan, deb xafa bo`lardi. 

Butunlay barbod bo`lgan umr. Ocharchilik va o`lim xavfi ostida qolish nimaligini o`z hayotida yashab ko`rgan, dahshatlardan omon qolgan ayol uchun endi o`lim ham u qadar qo`rqinchli emas edi. Aziza insonga tiriklik zavqini ulashuvchi hamma narsadan mahrum bo`lgandi. 

 —Suriyadagi qochoqlar lagerida hammasi haqida o`ylab ko`rganimizda o`z savollarimizga o`zimiz javob topolmasdik. Sirti yaltiroq narsalarga ko`zimiz qamashib yurtni tark etib, kimlargadir o`yinchoq bo`lganimizni juda kech tushundik. Umrimning oxirigacha shunaqa yashab o`tsam kerak, deb o`ylardim. Bolalarim aqlini tanigani sayin har kuni bu erga “nega keldik” deb savol berardi. Ularning bu savoliga esa nima deb javob berishni bilmasdim. Hatto jonimdan to`yganimdan farzandlarim bilan yo`q bo`lib, o`lib ketishni xohlardim. Hammasidan shunchalar charchagan edimki...

Suriyadagi kurdlar asir olgan mingdan ortiq jangarilar orasida Aziza va uning bolalari o`ta og`ir vaziyatda, azob-uqubatlarda yashadi. 

—Biz qattiq pushaymon bo`ldik. U erda musulmonchilik yo`q, guruhbozlik bor, xolos. Bir millat egalari bir-birini o`ldiradi. O`lgan-o`ldi, ketdi, qutuldi. Ayollar beva, bolalar esa etim qoldi. U erdan chiqishingizni bilib qolsa, ayamay o`ldirib yuboradi. 

                       “O`ZBEKISTONGA KIRIShIM BILAN SAJDA QILAMAN”

–“Mehr” operasiyasi siz uchun nima? 

– Ko`pchilik bizga havas qildi. O`zbekcha gapirayotgan odamlarni ko`rishimiz bilan baxtdan o`zimizni yo`qotib qo`ydik, quvonchdan tinimsiz yig`lardik. Bizning azobli hayotimizdan keyingi quvonchimizni so`z bilan ham izohlab bo`lmaydi. Boshidan o`tkazmagan inson buni hech qachon tushunmaydi.

“ Mehr” operasiyasi biz uchun yangi hayot. U yoqlardagi azoblardan keyin hamma narsani qadrlaydigan bo`ldik. Vatanimning bitta bargini ham hech narsaga almashmaydigan bo`ldim. Prezidentimizga katta rahmat aytamiz. U yoqdaligimizda agar yurtimizga qaytish nasib etsa, O`zbekistonga kirishim bilan sajda qilaman, derdim. Samolyotdan tushishim bilan tiz cho`kib erni o`pdim. Eng umidsizlanib, qiynalib qolgan vaqtimizda vatanimiz  bizni yana o`z bag`riga oldi. Etim bolalar, ayollar orqamizdan yig`lab qolishdi. Umrimning oxirigacha ota-onamning xizmatini qilishni xohlayman. 

“Mehr-5” operasiyasi O`zbekiston fuqarosi bo`lgan Aziza va uning jigarbandlarini taqdirning izmiga tashlab qo`ymadi. Ularga qayta hayot bag`ishladi. Bir fikrni alohida ta`kidlashimiz lozim: bunday imkoniyat tarixda hech kimga berilmagan, Prezidentimiz adashgan va xato qilgan insonlar bir bora bo`lsa-da, kechirilib hayotga qaytish imkoniyati berilishini o`z sa`y-harakatlari bilan isbotladi. 

                                                                   Mo``tabar NURMUHAMMEDOVA

                 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar