1

Erkaklar qalbini zabt etishning 10 usuli

SUG'DIYONA 01.04.2016, 15:43
Erkaklar qalbini zabt etishning 10 usuli

Raqobat kuchli bo`lgan shunday dolg`ali zamonda qanday qilib erkaklar e`tiborini jalb etish mumkin? Ularga qanday ayollar yoqadi? Bu savol ijtimoiy kelib chiqishidan, yoshidan qat`i nazar, har bir ayolni o`ylantiradi. Ba`zida hayotda omadi chopgan, go`zal, hech narsadan kamchiligi bo`lmagan biznes-ledilarning yolg`izligiga ko`zimiz tushadi. Ularning baxsizligiga kim sababchi? Bu savollarga javobni erkaklardan so`rash lozim. Ular qanday ayollarni yoqtirishlarini va bir umr birga yashashlarini bilishni istasangiz, quyidagilar bilan tanishing.

“Qor malikasi”

Qanday qilib erkak kishining qalbini zabt etish mumkin … Bu savol emas, balki butun boshli bir san`atdir. Erkak kishining diqqatini jalb etish uchun go`zal bo`lish shart emas, bu bilan go`zal ayol yolg`izlikka mahkum degan fikrdan yiroqmiz. Ularning  kalandimog`ligi va kekkayishi eng katta xatolaridan biridir. Ochiq tabassumli, samimiy ayollarning ulardan ko`ra imkoniyati kattaroq. Yoqimli tabassum erkaklarni o`ziga jalb etsa, go`zal “qor malikasi”dan taralayotgan sovuqlik ularni ehtiyotkor bo`lishga chorlaydi.

Tabiiylik

Erkak kishining ko`nglini zabt etishni istasangiz, u bilan muloqat jarayonida samimiy munosabatda bo`lishga harakat qiling. Insoniyatning kuchli jins vakillari bilan suhbatlashganda bor ovozingizda qah-qah urib kulmang, bekorchi gaplarni gapirmang, ammo og`zingizga talqon ham solib olmang. Ular judayam ko`p gapiradigan va umuman kamgap ayollarni yoqtirishmaydi. Kuchli ayollarda mehribonlik, nafosat etishmaydi. Ammo mehribonlikni soddalik bilan adashtirmang. Aqlingizni, fahm-farosatingizni suhbatdoshingizdan yashirmaslikka, suhbat jarayonida o`zingizni undan katta tutmaslikka harakat qiling.

Nima haqda gapirish kerak?

Suhbatimiz mavzusi erkak qalbini zabt etish usullari haqida ketar ekan, sizga bir usulni aytib o`tmaslikning iloji yo`q. Erkak kishi bilan suhbat qurayotganda, u gapirayotgan mavzu sizga qiziq tuyulmasa-da, diqqat bilan uni tinglashga, qo`llab-quvvatlashga harakat qiling. Uning gaplarini qiziqish bilan eshitayotganingizni tasdiqlash uchun sirli jilmayib qo`ying, mavzu qiziqligini isbotlash uchun savollar bering. Uni tinglab bo`lgach, mavzuni qiziqroq mavzuga almashtirishingiz mumkin. Suhbat jarayonida keyingi uchrashuvga shama qilishingiz mumkin. Masalan, tungi shaharni tomosha qilib, piyoda aylanishni yoqtirishingizni suhbat asnosida qistirib o`ting.

Nima haqda gapirmaslik kerak?

Erkakda yoqimli taassurot qoldirish uchun mavzu va so`z tanlayotganda ehtiyot bo`lish lozim. Hech qachon unga siyqasi chiqqan, masalan, ko`ylagining chiroyli ekanligi haqidagi maqtov gaplarni, munosabatlaringiz haqida ham bo`lar-bo`lmas so`zlarni tilga olmang. Agar o`zingizni shunday tutadigan bo`lsangiz, u qarshisida jiddiy munosabatlarga tayyor bo`lmagan, tannoz turganiga ishonch hosil qiladi. Erkakni hech qachon biror mashhur kino qahramon yoki aktyor bilan taqqoslamang. Hayratlanganda ham uning tashqi qiyofasidan emas, qobiliyati, iste`dodi, harakatlaridan hayratlaning. Erkaklar aqllilik qilgan ayoldan ko`ra, ularni maqtagan ayolni aqlli deb hisoblashadi. 

Nima uchun tashqi qiyofaga e`tibor berish lozim

Ko`pchilik yoshlar ichidagidan ko`ra mahsulotning ustki o`rami katta ahamiyatga ega deb o`ylashadi. Ammo o`ziga juft tanlayotganda bu qoidaga amal qilmaslik kerak. Ba`zida qiz bolaning tashqi kiyimiga qarab, yigitlar uning ichki dunyosini bilib olishadi. Yigit go`zal qizni sevib qolishi shart emas, ammo uning tashqi qiyofasi tanishish uchun bahona bo`lishi va birinchi planga uning tashqi qiyofasi emas, fe`l-atvori chiqib qolishi mumkin. Qiz model bo`lmasa ham, orasta, o`ziga e`tiborli bo`lsa, nur ustiga a`lo nur bo`ladi.

Birinchi uchrashuvdagi xatolar

Agar ilk uchrashuvingiz so`nggi uchrashuvga aylanmasligini istasangiz, quyidagi xatolarga yo`l qo`ymaslikka harakat qiling. Uchrashuv uchun tanlagan kiyimingiz judayam bashang va ochiq-sochiq bo`lmasin. Eng avvalo qo`llaringiz, tirnog`ingizga e`tiborli bo`ling. Sepgan atiringizning hidi ham juda o`tkir bo`lmasin. Hayajonlanib, o`zingizni yo`qotib qo`ymang. Birgina sirli tabassum hayajonni yo`qotishga xizmat qilishi mumkin. Uchrashuv oldidan miyangizdan barcha salbiy o`y-fikrlarni, yomon xayollarni haydang. Yoqimli ovozda, labingizdan tabassum arimagan holda suhbatga kirishing.

O`zingizga ishoning

Erkak kishiga yoqish uchun unga o`zingizning ham, uning ham kamchiliklarini dasturxon qilmang. Aksincha, o`zingizdagi noyob fazilatlar haqida gapirishga harakat qiling, chunki erkaklar o`ziga ishongan ayollarni juda hurmat qilishadi. O`zingizga bo`lgan ishonchni amaliy mashg`ulotlar mustahkamlaydi. Chiroyli kiyingan, o`zingizga oro bergan holda ko`zgu qarshisiga kelib, barcha ijobiy fazilatlaringizni qayta-qayta takrorlang. Masalan, ko`zlaringizning chiroyliligi, qanchalik iste`dodli ekanligingiz haqida gapiring. Har kuni shu so`zlarni takrorlashdan charchamasangiz, albatta u ijobat bo`ladi. Chunki xayollar moddiylashish xususiyatiga ega. O`zingizni shunday tutingki, yigit sizni yo`qotishdan qo`rqib yashasin.

Rashk

Rashk har bir insonga xos tuyg`u. Faqat hammasi me`yorida bo`lgani ma`qul. Agar yigitingiz o`ta rashkchi bo`lsa, u bilan biror tadbirga borganda ehtiyot bo`lishingizga to`g`ri keladi. Ko`pchilik rashk qildimi, sevadi deb o`ylaydi, aslida rashk insoning o`ziga bo`lgan ishonchsizligidan kelib chiqadi. Erkak kishining rashki ko`p hollarda ajrashishga olib keladi. Agar u badavlat inson bo`lmasa, uni baxt pulda emasligiga ishontiring.

Biroz sirli bo`ling

Ba`zan haddan ortiq mehribonlik va jonkuyarlik ham erkak kishining me`dasiga tegishi mumkin. Agar uni xafa qilib qo`ysangiz, kechirim so`rashdan uyalmang. Uning buyruqlariga so`zsiz bo`ysunsangiz-da, ba`zan o`z fikringizni bildirishdan qo`rqmang. Erkak kishi sizni to`liq bilib olmasligiga, sirli tomonlaringiz bo`lishiga intiling. U har doim sizni kashf qilishga intilib yashasin. Orangizda qanday nizo, janjal chiqmasin, har qanday sharoitda ham U g`alaba qozonishi lozim.

Yoqimli chehra

Yoningizda erkak kishi o`tirganda hech qachon g`amga botmang, bo`lmasa u “men bilan bo`lgani uchun o`zini baxtsiz his qilyapti” deb o`ylashi mumkin. Har qanday sharoitda ham xushchaqchaq bo`lishga harakat qiling. Labidan tabassum arimaydigan ayol yonida har qanday erkak o`zini baxtli his qiladi. Ammo elkangdan ro`zg`or va boshqa tashvishlar bosib turganda bunga qanday erishish mumkin deb savol berishingiz mumkin. Birinchi galda xursand bo`lishingizga nima xalaqit qilayotganini aniqlab oling. Agar bunga tashqi qiyofangiz sabab bo`layotgan bo`lsa, tashqi qiyofangizga e`tiborli bo`ling, mabodo gap ishingizga taalluqli bo`lsa, kareraningiz haqida o`ylab ko`ring. Hech qachon oldingizga erishib bo`lmaydigan maqsadlarni qo`ymang. Hamma narsaning yaxshi tomonlarini ko`rishga intiling. Axir bejizga “Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo, illat izlaganga illatdir dunyo”, deyilmagan.

Manba: www.raut.ru

Sharhlar

Nozigul Akbarova 14.06.2020, 09:38
Ажойиб маслахатлар 👍👍👍
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1